Bu jarayonda korrupsiya va talon-toroj holatlariga yo‘l qo‘ymaslik Bosh prokuraturada o‘tkazilgan yig‘ilishning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika shtabining yig‘ilishi Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov raisligida bo‘lib o‘tdi.
Unda Respublika va hududiy shtablar a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 oktyabrdagi “2022 – 2023 yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora – tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori, 2022 yil 30 dekabrdagi “2023 – 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq davlat dasturlariga ajratilgan byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, ushbu jarayonlarda korrupsiya va talon-toroj holatlariga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi vazifalar ijrosi muhokama qilindi.
Joriy yilgi davlat dasturlari doirasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladigan 10 mingdan ortiq ob’ektga byudjetdan 20 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratiladi.
Yig‘ilishda mas’ullar tomonidan yetarlicha choralar ko‘rilmagani oqibatida davlat dasturlari ijrosida, ayniqsa ob’ektlarning loyiha – smeta hujjatlarini ishlab chiqish va mablag‘larni o‘zlashtirishda bir qator kamchilik va qoloqliklar kelib chiqayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Ayrim ob’ektlarda qurilish jarayoni tasdiqlangan ishchi loyiha asosida amalga oshirilmagan, ob’ektning texnik va mualliflik nazorati yo‘lga qo‘yilmagan. Hisobotlarga bajarilmagan ishlar qo‘shib yozilgan.
Bundan tashqari, zaruriy tadbirlar amalga oshirilmagani sababli mahallalarda birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora – tadbirlarni to‘g‘ri va sifatli bajarilishi yuzasidan asosiy yo‘nalishlar belgilab olindi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar va muammolarni hal etish yuzasidan qaror qabul qilinib, ijrosi nazoratda olindi.
N.Abduraimova, O‘zA