Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusovaning shaxsiy qabuliga 11 yoshli bola murojaat bilan kelgan.
Buvisi bilan birga kelgan N.R. otasi vafot etganini, onasi, opasi, akasi va singlisi bilan yashashini, lekin uydagi muammoli vaziyat tufayli buvisinikiga qochib kelganini ma’lum qilgan.
– Bolaning so‘zlariga ko‘ra, bir kuni onasi bilan karta o‘ynaganida karta yerga tushib ketgani uchun onasi uning ko‘krak qafasiga pichoq bilan urgan, bundan bolaning tanasida chandiq qolgan, – deydi A.Yunusova. – Onasi doimiy ravishda alkogolli ichimliklar ichib kelgan va bolaga yaxshi munosabatda bo‘lmagan. Bolakay hatto maktabga ham bormagan. U buvisi bilan yashashni xohlashini, shunga yordam berishimizni so‘radi.
Masala joyiga chiqib o‘rganildi. Bola huquqlari bo‘yicha vakil A.Yunusova, Bola huquqlarini ta’minlash sektori vakili hamda mahalla xotin-qizlar faoli bolaning onasi F.R.ning xonadonida bo‘lganda, u o‘zini odobsizlarcha tutib, xonadon eshigini ochmasdan, barchani haqoratlab, ketishlarini talab qilgan.
Holat yuzasidan tezkorlik bilan hamkor tashkilotlar, jumladan, ichki ishlar organlari xodimlari bilan birga ish olib borildi. Shu kuni F.R.ning spirtli ichimliklar ta’sirida bo‘lgani va bu holat surunkali ravishda davom etib kelayotgani, uyining sanitariya holati qoniqarli emasligi va uning qaramog‘ida bo‘lgan bolalar g‘amhurliksiz qolgani aniqlandi.
F.R. davolanish uchun tibbiy muassasaga joylashtirildi. Bolalar onasi davolanib oilasiga qaytguncha Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirildi. Bolalarga huquqiy, tibbiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, davlat bolaning shaxsi, uy-joyi daxlsizligini, xat-xabarlari sir tutilishini ta’minlaydi hamda bolani ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning barcha shakllaridan, shu jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan, shahvoniy shilqimliklardan, huquqbuzarliklar va g‘ayriijtimoiy harakatlar sodir etishga jalb etilishidan himoya qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA