22 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Senatning qirq ikkinchi majlisida dastlab “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish qonun bilan emas, balki Adliya vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solingan. Bu esa, qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy bo‘shliqlarning yuzaga kelishiga zamin yaratmoqda.
Mazkur qonun sohadagi muammolarni bartaraf etish va uni tartibga soluvchi yagona qonun sifatida ishlab chiqilgan. Qonun bilan normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasining asosiy prinsiplari belgilanmoqda.
Endilikda korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish nafaqat Adliya vazirligi tomonidan, balki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, yuridik xizmat xodimlari hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash o‘z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ommaviy axborot vositalariga normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish huquqi berilmoqda.
E’tiborli jihati, jamoatchilik tomonidan taqdim etilgan taklif va tavsiyalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy ravishda ko‘rib chiqiladi.
Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazishga oid faoliyatni uslubiy jihatdan ta’minlash hamda monitoring qilish Adliya vazirligiga yuklatilmoqda.
Senatorlar ushbu qonun mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga, shuningdek, amaldagi hamda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar sifatining oshishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Bundan tashqari, yalpi majlisida “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun bilan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasini hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasini sudlarga murojaat qilish chog‘ida davlat bojini to‘lashdan ozod etish nazarda tutilmoqda.
Amaldagi «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunning 8, 9 va 10-moddalarida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda uning hududiy organlari – o‘z zimmasiga yuklatilgan vakolatlariga muvofiq sudlar ko‘rib chiqishi uchun kiritiladigan da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan.
Biroq Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan birinchi instansiya sudlarining hal qiluv qarorlariga nisbatan beriladigan shikoyatlari amaldagi qonunchilikka muvofiq davlat bojini to‘lashdan ozod qilinmagan degan vajlar bilan yuqori instansiya sudlari tomonidan qaytarilishi holatlari yuzaga kelmoqda.
Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hamda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy organlari tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar, iqtisodiy sudlar va ma’muriy sudlarga da’vo ariza, ariza va shikoyatlar bilan murojaat qilinganda davlat bojidan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar qonunning qabul qilinishi davlat organlariga sudlarga murojaat qilish uchun ajratilgan davlat boji to‘lovidan tejalgan mablag‘larni tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarining va iste’molchilarning huquqlari yanada ishonchli himoya qilinishini ta’minlash uchun yo‘naltirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuningdek, “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish mexanizmlari yanada takomillashtirilib, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish maqsadida ijro jarayonlarini amalga oshirishda aholiga keng qulayliklar yaratilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlarga qaramasdan, ijro hujjatlarini ijrosini ta’minlashda ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi, ushbu sohada tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurligi senatorlar tomonidan ta’kidlandi.
Xususan, ijro hujjati bo‘yicha qarzdor undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanilishi, ushbu jarimaning miqdori esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra fuqarolarga nisbatan 300 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha, mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 million so‘mdan 3 million so‘mgacha belgilanishi mumkinligi qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan.
Senatorlar, agar qarzdor tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzdorlik summasi jarimaning eng kam miqdoridan ham kam bo‘lgan bo‘lsa-da, qarzdorlikka nisbatan yuqori miqdordagi jarima tayinlanishi ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishiga, bu esa qarzdorlarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotganligiga hamda mazkur holat tabiiy ravishda fuqarolarning to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligiga alohida e’tibor qaratdilar.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, bu bartaraf etilmoqda.
Xususan, qo‘llaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1981-moddasida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga endilikda O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi belgilanmoqda.
Senatorlar tomonidan qonunning qabul qilinishi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga, ijro hujjatini ijro etmaganligi uchun qarzdorga nisbatan adolatli jarima tayinlanishiga, Majburiy ijro byurosi tizimida suiiste’molchiliklarning hamda korrupsion holatlarning oldi olinishiga, shuningdek, nazorat kuchaytirilishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shundan so‘ng “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda respublikamizda narkologik kasalliklar profilaktikasi, ularga tashxis qo‘yish va ularni davolash, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni nafaqat narkologiya muassasalarining, oila a’zolarining (qarindoshlarining) iltimosnomalariga asosan, balki ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko‘ra ham rasmiylashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan mazkur qonunga ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni rasmiylashtirish vakolati berilishini, shuningdek, mazkur materiallarni tayyorlash tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Yana bir kiritilayotgan qo‘shimchalardan biri fuqarolarning narkologik tekshiruvdan o‘tkazilishini, maslahat berilishini, tashxis qo‘yilishini, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ambulatoriya va statsionar sharoitlarda davolanishini hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilinishini davlat kafolatlashi belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bog‘liq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserining o‘zida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud bo‘lgan boshqa tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazilishi haqidagi norma kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish tashabbusi bilan chiqadigan shaxslar doirasini kengaytirishga, huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga hamda narkologik yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda davlat moliyaviy resurslarining samarali boshqarilishi, byudjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanilishi ustidan davlat moliyaviy nazorati tizimini takomillashtirish, shuningdek, qonunchilik hujjatlarining ijrosi samarali tashkil etilishini ta’minlash yuzasidan tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda Hisob palatasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirish, amalga oshiriladigan nazorat tadbirlarining maqsadlari va tartibini belgilash, shuningdek, davlat xaridlari sohasidagi qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishda Hisob palatasining vazifalarini aniqlashtirish zarurati dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan ushbu qonunda Hisob palatasiga oz miqdorda talon-toroj qilinganligi va davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi, Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati organlariga esa oz miqdorda talon-toroj qilinganligi uchun ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatlarini berish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Hisob palatasining o‘z ish rejalari, moliyaviy huquqbuzarliklar va ularni bartaraf etish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zining veb-saytiga joylashtirishga hamda jamoatchilikni o‘z faoliyati haqida har chorakda xabardor qilib borishga doir majburiyatlarini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan nazoratning shakllari va turlari kengaytirilib, taftish, tekshirish va o‘rganishga oid nazorat tadbirlarining farqli tomonlari ochib berilgan va ularni amalga oshirish mexanizmlari huquqiy jihatdan mustahkamlangan.
O‘z navbatida, Senat a’zolari tomonidan qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Hisob palatasining faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, byudjet mablag‘lari ustidan tizimli nazorat o‘rnatish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati