O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev va AQSHning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik o‘rtasidagi uchrashuvda ikki davlatning o‘zaro iqtisodiy hamkorlik istiqbollari xususida so‘z bordi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor masalalari, xususan, amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi istiqbollari va dunyodagi geosiyosiy vaziyatning iqtisodiyotga ta’siri masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilingani va unga asosan O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilingani hamda shu sababli ijtimoiy himoya masalalari alohida e’tiborda ekani qayd etildi.

Uchrashuvda ko‘plab yo‘nalishlar, xususan, energetika, transport, kichik biznes kabi sohalarni isloh qilish ishlari davom ettirilishi bo‘yicha ham ma’lumot berildi.

Janob Jonatan Xenik qayd etganidek, ushbu asosiy yo‘nalishlar O‘zbekiston uchun ustuvor ekani quvonarli. Mamlakat iqtisodiy islohotlarda muvaffaqiyatga erishishi AQSHning ham milliy manfaatlari bilan hamohangdir.

– O‘zbekiston qanchalik iqtisodiy jihatdan farovon bo‘lsa, bu bizda shunchalik kuchli hamkor bor degani. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishi lozim. AQSH esa ushbu maqsadlarga erishish uchun iqtisodiy va texnik ko‘mak ko‘rsatishga tayyor, – dedi J.Xenik.

Tomonlarning fikriga ko‘ra, mamlakatda xususiylashtirish va kapital bozorini rivojlantirish davlatlar investitsion jozibadorligini oshirish muhim omil hisoblanadi.

Vazirlikning Jamoatchilik bilan aloqalar boshqarmasi ma’lum qilishicha, ochiq va samimiy ruhda o‘tgan mazkur uchrashuvda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish, bunda jamoatchilik nazoratining ahamiyati, shu jumladan, manfaatlar to‘qnashuvi va daromadlar deklaratsiyasi masalalariga ham urg‘u berildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikning dolzarb mavzulari bo‘yicha muntazam ravishda uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib oldi.

 

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA