Mamlakatimizda yer munosabatlarini tartibga solish ham iqtisodiyot uchun muhim omillardan biri sanaladi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni kabi bir qator qonun hujjatlari va me’yoriy aktlar qabul qilindi.
Mazkur hujjatlardan ko‘zlangan maqsad, yerning qiymati, yer solig‘i va yer ijarasi haqi shakllarida namoyon bo‘ladigan yerdan foydalanish uchun tabaqalashtirilgan haqning joriy etilishi, yerlarni xususiylashtirish va yer bozorining shakllanishi hamda bu sohada iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish va tartibga solish kabi ustuvor vazifalar bilan bog‘liqdir.
Yer resurslarini tartibga solish va xususiylashtirishda rivojlangan mamlakatlar tajribasidan qaysi jihatlarni olish mumkin?
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Komiljon Qo‘ziyevga ushbu savol bilan murojaat qildik.
– Hozirgi kunda yer munosabatlarini isloh etishning asosiy maqsadi iqtisodiyot tarmoqlarida, ayniqsa, qishloq va o‘rmon xo‘jaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan, –dedi K. Qo‘ziyev. – Muhimi, bunda yerdan foydalanish sohasidagi munosabatlarning zamonaviy jamiyat va iqtisodiyot ehtiyojlariga mos keladigan samarali iqtisodiy mexanizmni ishlab chiqishdir.
Shundan kelib chiqib aytganda, yer resurslari iqtisodiyotning drayveri hamda kambag‘allikni qisqartirishda asosiy vosita sifatida muhim ahamiyatga ega. Bunda yerdan foydalanishni oqilona va samarali tashkil etish orqali ijobiy natijalarga erishish mumkin.
Yaqinda MHTI ekspertlari yer resurslarini tartibga solish va xususiylashtirish bo‘yicha xorij tajribasini o‘rgandi va tavsiyalar ishlab chiqdi. Yuqoridagi savolga ushbu tahlillardan olingan natijalarga tayanib, javob bersak o‘rinli bo‘ladi.
Rivojlangan mamlakatlarda yer resurslarini muvofiqlashtirish va xususiylashtirishda yerdan foydalanish va yerga mulk sifatida egalik qilish huquqlari qonunchilikda aniq belgilab qo‘yilgan.
Masalan, Germaniyada yerni sotib olish huquqi o‘sha hududda yashaydigan va 10 yildan beri ijarachi bo‘lib ishlaydiganlarga beriladi.
Ispaniyada yerni ijaraga berish tartibiga ko‘ra, 50 gektardan ortiq sug‘oriladigan yer maydoni yoki ming gektardan ortiq yaylovni ijaraga olishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida yer resurslarini xususiylashtirish jarayoni yetarli darajadagi davlat nazorati ostida amalga oshiriladi. Masalan, AQSH va Irlandiyada yil davomida bor-yo‘g‘i 3 foiz yer mulk sifatida almashiniladi. Bu ko‘rsatkich Buyuk Britaniya, Fransiya va Italiyada 2 foizni, Germaniyada esa 1,5 foizni tashkil qiladi.
Ko‘p hollarda yer resurslari foydalanuvchilarga uzoq muddatli ijara asosida beriladi. Masalan, AQSH va Germaniyada yerlarning 42 foizi, Yangi Zelandiyada 40 foizi, Britaniya va Kanadada 39 foizi, Belgiyada 66 foizi, Fransiyada 56 foizi, Niderlandiyada 32 foizi, Portugaliyada 25 foizi, Yaponiyada 15 foizi uzoq muddatga ijaraga berilgan. Yerning ijara narxlari va to‘lovlar auksion-birja yoki arbitraj orqali aniqlanadi.
XX asrning o‘rtalarida AQSHda yerga xususiy mulkchilik shakllariga oid qonun qabul qilindi. Natijada shartsiz va umrbod yerga egalik qiluvchi mulkdorlar hamda oilaviy yer mulki (homesteads) egalari vujudga keldi. Bular esa AQSHda yer ijarasi keng tarqalishiga va yer kapital bozori hamda yer banklari kabi moliya institutlarining rivojlanishiga olib keldi. AQSHdagi yer islohotlari fermerlarning rivojlanishi bilan birga moliya bozorining kapitalizatsiyasi oshishiga xizmat qildi.
Hindistonda yangi yer islohotlari natijasida qishloq xo‘jaligi yerlarining 85 foizi kambag‘al aholiga ijara shaklida berildi hamda subsiyadiya va grant shaklida mulk sifatida sotildi. Natijada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish 4-5 baravar ortdi hamda kambag‘al aholining to‘lov qobiliyati ko‘tarildi.
Xitoyda amalga oshirilgan yer islohotlari natijasida 90 million gektar yer qishloq aholisiga ijaraga berildi. Natijada kambag‘al qishloq aholisining 90 foizi ish o‘rniga ega bo‘ldi. Ushbu kichik yer egalarining qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish kooperativlariga birlashishi ularni iqtisodiy faoliyat drayveriga aylantirdi. Oqilona yer islohotlari natijasida Xitoy g‘alla eksport qiluvchi davlatga aylandi.
Tahlillar aksariyat mamlakatlarda yer bozori kuchli nazorat qilinishini ko‘rsatdi. Bunda davlat hokimiyati yerni bir toifadan ikkinchi toifaga o‘tkazish, sotish uchun ruxsatnomalar berish, ekologik holatini nazorat qilish, xususan, yer eroziyasi, degradatsiyasi va cho‘llanishining oldini olish vakolatlarini o‘zida saqlab qoldi.
Demak, yer resurslarini tartibga solish va xususiylashtirishda yer turlari va toifalaridan kelib chiqib, yerga mulk sifatida egalik qilish huquqi hamda yerdan foydalanish huquqlarini (ijara shaklda) qonunchilikda aniq va ravshan belgilash tavsiya qilinadi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida yerni ijaraga berishda o‘sha hududda istiqomat qilayotganlik yoki mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rnini yaratayotganlik omillariga e’tibor berish maqsadga muvofiqdir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA