AQSH amaldagi Prezidentining o‘g‘li Xanter Bayden 26 iyul kuni Delaver sudiga boradi. Bu haqda sud materiallariga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.

Xanter Bayden ikkinchi bor soliq qonunchiligini buzgani, shuningdek, qurol saqlash qoidasiga rioya qilmaganini tan oldi. Qurol masalasidagi surishtiruv 2018 yil boshlangan. O‘sha payt unda “Colt Cobra” revolveri bo‘lgani, giyohvand moddalar qabul qilishi ma’lum bo‘lgan edi. Amerika qonunchiligiga ko‘ra, giyohvand modda iste’mol qiladigan yoki saqlaydigan odamning qurol sotib olishi yoki saqlashi taqiqlanadi.

Ayni shu davrda davlat rahbarining o‘g‘li soliq to‘lash talabini e’tiborsiz qoldirgani haqida ham xabarlar tarqalgandi.