Ayni kunlarda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ filiallarida joriy yilning 1 iyunidan 1 iyuliga qadar Texnika xavfsizligi oyligi o‘tkazilmoqda.

“Taxiatosh” issiqlik elektr stansiyasida bo‘lib o‘tgan tadbir ham ushbu oylik doirasida tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarda xodimlar qanday harakatlanishi kerakligi haqida tushunchalar berildi.

Shuningdek, stansiyaning barcha xodimlari texnik o‘qish mashg‘ulotlariga jalb qilingan bo‘lib, unda sexning tajribali xodimlari,  mehnatni muhofaza qilish hamda texnika xavfsizligi bo‘yicha mutaxassislari tomonidan mehnat muhofazasi asoslari bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar ham tashkil etilayotir.

Mashg‘ulotlar davomida xodimlarning elektr energetikasi tashkilotlarida xodimlar bilan ishlash qoidalari, elektr qurilmalarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalari hamda jabrlangan xodimga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilimlari sinovdan o‘tkazilmoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zA