Narkologik kasalliklar profilaktikasi, tashxis qo‘yish va davolash, bunday kasallikka chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni nafaqat narkologiya muassasalarining, oila a’zolarining (qarindoshlarining) iltimosnomalariga asosan, balki ichki ishlar organlarining tashabbusiga ko‘ra ham rasmiylashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

“Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ushbu sohada yuzaga kelayotgan muammolarni barataraf etishga qaratilgan.

Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun bilan ichki ishlar organlariga narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish to‘g‘risidagi materiallarni rasmiylashtirish vakolati berilmoqda. Qonunchilikka mazkur materiallarni tayyorlash tartibi belgilanishini nazarda tutuvchi tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Qonunda fuqarolarning narkologik tekshiruvdan o‘tkazilishi, maslahat berilishi, tashxis qo‘yilishi, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarning ambulatoriya va statsionar sharoitlarda davolanishini hamda tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilinishini davlat kafolatlashi belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bog‘liq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserining o‘zida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud bo‘lgan boshqa tibbiyot muassasalarida ham o‘tkaziladi.

– Giyohvandlik – nafaqat insonning jismoniy, ruhiy salomatligini izdan chiqaradi, balki uning oilasiga, yon atrofiga, jamiyatga ta’sir ko‘rsatadi, turli ijtimoiy muammolarga sabab bo‘ladi, – dedi T.Norboyeva. – Biz – senatorlar barcha mas’ul vazirlik, idoralar, jamoat tashkilotlari e’tiborini jamiyatimizda giyohvandlikning oldini olishga, bunday illat tarqalishiga imkon berayotgan sharoit va omillarni bartaraf etishga qaratishimiz zarur. Tizimli yondashuv nuqtai nazaridan qaraganda, bu borada ta’lim muassasalarining mas’uliyati katta. Giyohvandlik illati va uning salbiy oqibatlari ta’lim-tarbiya jarayoniga uyg‘un holda o‘quvchilar ongiga singdirish lozim.

Qonunning qabul qilinishi narkologik yordam ko‘rsatish sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA