O‘zbekiston Respublikasining AQSHdagi elchixonasi va Amerika Kongressidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” bilan birgalikda “O‘zbekiston kuni”ni tashkil qildi.

Tadbir AQSH Kongressida bo‘lib o‘tdi. Unda texaslik kongressmen Pit Seshns, G‘arbiy virjiniyalik kongressvumen Kerol Miller, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) Osiyo byurosi administratori yordamchisi o‘rinbosari Anjali Kaur, Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, Jahon bankining Yevroosiyo bo‘yicha ijrochi direktori Dominik Favre ishtirok etdi. Shuningdek, “O‘zbekiston kuni”da nufuzli kongress a’zolarining bir qator stafferlari, Vashingtondagi diplomatik korpusi, ekspertlar hamjamiyati, nufuzli ishbilarmon doiralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Ikki tomonlama hamkorlik tarixida ilk bor o‘tkazilgan mazkur tadbirda ishtirokchilar O‘zbekiston yangilangan Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati, uning demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, mamlakatimizni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta’minlashdagi o‘rni haqida fikr almashishdi. O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash, so‘z erkinligini himoya qilishni aks ettiruvchi Yangi Konstitutsiya qabul qilingani olqishlandi.

Yangilangan Konstitutsiya inson huquqlari, mulk kafolatini va xorijiy sarmoyalarni himoya qilishni yanada mustahkamlagani ham aytib o‘tildi. Ishtirokchilar fikricha, O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida biznes uchun mustahkam va shaffof qonunchilik bazasi hamda qulay investitsion muhit shakllantirildi.

Shuningdek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak baholandi. So‘nggi besh-olti yilda O‘zbekistonda savdo-sotiqni rivojlantirish va butun Markaziy Osiyoda barqarorlik yaratishga xizmat qiluvchi fundamental islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Keng qamrovli iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlar mamlakatning barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevorga aylangani aytildi.

Muloqotda O‘zbekiston-AQSH strategik sheriklikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Tadbir davomida Kongress a’zolari ikki tomonlama munosabatlar tobora yangi mazmun bilan to‘ldirilib, strategik hamkorlik mustahkamlanib borayotganiga urg‘u berishdi. Qadimgi Ipak yo‘lining chorrahasi sifatida O‘zbekiston AQSHning kuchli savdo sherigi bo‘lishi mumkin va bo‘lishi kerak, deyildi.

Shu bilan birga, ishtirokchilar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun AQSH Kongressi a’zolarini «Jekson-Venik» qo‘shimchalarini qo‘llashni tugatishga chaqirishdi. Ularning fikricha, bu eskirgan tuzatishini bekor qilish o‘zaro savdo va investitsiyalarni rag‘batlantirishga olib keladi.

AQSH davlat va nodavlat tashkiloti vakillari so‘zga chiqar ekan, ular O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi. Ular ko‘proq sarmoya jalb etishga, iqtisodiy o‘sish va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qiladigan mintaqaviy infratuzilmalarni kengaytirish maqsadida hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladi.

O‘zA