Toshkent shahar hokimligida Bektemir tumani hokimi Shopo‘lat Asqarov ommaviy axborot vositalari vakillari bilan matbuot anjumani o‘tkazdi.
Anjumanda 2018-yilda Bektemir tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, maqsadli dasturlarning bajarilishi yuzasidan qilinadigan chora-tadbirlar hamda joriy yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Tuman hokimi har bir soha bo‘yicha hududda qilingan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, tumanda 2018-yilning yanvar-mart oylarida 81 ta kichik biznes, 45 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyekti ochildi. Joriy yilning birinchi choragida tumanni iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida ishga tushgan investitsiya miqdori qariyb 60 milliard so‘mni tashkil etgan va 350 ta yangi ish o‘rni yaratilgan “Global Textile Solutions” va 138 milliard so‘m investitsiya kiritilgan, 250 ta yangi ish o‘rni yaratilgan “Bektemir metall konstruksiyalari” kabi qo‘shma korxonalar tumandagi eng yirik loyihalardir.
Shuningdek, tadbirda hududda kichik sanoat zonalarini tashkil etish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, kommunal, ijtimoiy sohada qilingan ishlar yuzasidan ma’lumotlar berildi.
– Hozirgi kunda tumandagi Bektemir, Oltintopgan va Binokor mahallalarida ichimlik suvi va oqova suv tarmog‘i o‘tkazilmagan, – dedi Bektemir tumani hokimi Shopo‘lat Asqarov. – Albatta, bu ishlarni bajarish uchun 22 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi va bu mablag‘ni o‘zlashtirish uchun tuman byudjetining salohiyati yetarli emas. Shu bois, bu ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirib boramiz. 2018-yilning o‘zida Bektemir mahallasidagi 45 ta xonadonga tuman hokimligi ichki imkoniyatidan kelib chiqqan holda, ichimlik suvi o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi va joriy yilning iyun oyiga qadar yakuniga yetkaziladi.
Matbuot anjumanida tuman hokimi jurnalistlarning hududdagi muammolar borasidagi savollari va takliflariga o‘zining munosabatini bildirdi, muammolarning yechimi borasidagi navbatdagi matbuot anjumanini Bektemir tumanining o‘zida o‘tkazish taklifini bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan mazkur matbuot anjumani bundan keyin an’anaviy davom etadi. Ya’ni, har bir tuman hokimi har 15 kunda jurnalistlar bilan muloqot qiladi.