AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan hamda siyosiy masalalar bo‘yicha Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland yakshanba kuni Braziliya, Hindiston, JAR, Turkiya vakillari bilan uchrashish uchun Kopengagenga jo‘naydi. Uchrashuvda Ukraina uchun tinchlik tamoyili muhokama qilinadi, deb xabar tarqatdi “Financial Times”.
Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, Ukraina global Janubning rivojlanayotgan mamlakatlari bilan uchrashuv tashkil qilishni so‘ragan. Tadbirda Braziliya, Hindiston, JAR va Turkiya vakillari ishtiroki kutilyapti, biroq yakuniy ro‘yxat hali tasdiqlanmagan. Muloqotda XXR vakili hozir bo‘lishi haqida ma’lumot berilmagan, ammo Pekin kuzatuvchi sifatida mutaxassis jo‘natishi mumkinligi aytilmoqda.
Uchrashuvga Yevropa Ittifoqi yuqori lavozimli vakillari ham kelishi kutilmoqda. Ishtirokchilar mavzuni norasmiy vaziyatda muhokama qilishi ma’lum qilingan.