Bugun, 2023 yil 22 iyun kuni soat 10.00da Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib borayotgan majlisda senatorlar, hukumat a’zolari, vazirlar, idora va tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Majlis kun tartibiga o‘ndan ziyod masala kiritilgan. Ko‘riladigan masalalar ichida 9 qonun bor.

Jumladan, “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”, “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”,  “Ijro hujjatlarini ijro etmaganlik uchun solinadigan ma’muriy jarima miqdorini belgilash tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”, “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”,  “Radiochastota spektri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida”,  “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston – Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2022 yil 22 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Islomobod, 2022 yil 3 mart) ratifikatsiya qilish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash choralari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilinadi.

Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida saytimiz orqali onlayn yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!

 

N.Abduraimova,  

O‘zA