Aholining zarur iste’mol tovarlari bilan uzluksiz ta’minlanishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi hamda davlat byudjetiga valyuta tushumining ortishida mamlakatimiz tashqi savdo yuklarining ahamiyati katta.
Keyingi yillarda bojxona tizimining tubdan isloh etilishi natijasida eksport va importga yo‘naltirilgan yuklarning bojxona rasmiylashtiruvi va nazorati sezilarli darajada soddalashtirilmoqda. Bu borada “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlarining tashkil etilishi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining ortiqcha vaqt va xarajatlar sarflanishiga batamom nuqta qo‘yib, oraliqdan turib zamon talablariga mos elektron ravishda bojxona rasmiylashtiruvining amalga oshirilishiga zamin yaratmoqda.
Birgina Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tomonidan 2023 yil boshidan 233,4 million AQSH dollari qiymatidagi tashqi savdo yuklari bojxona rasmiylashtiruvi va nazoratidan o‘tkazilgan. Shundan, tovarlar eksporti 119,6 million AQSH dollarini tashkil etsa, rasmiylashtirilgan 113,8 million AQSH dollar qiymatidagi tovar import hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Orolbo‘yi hududidan hisobot davrida asosan polietilen, ip-kalava, farmatsevtika mahsulotlari, kimyo sanoati mahsulotlari, artemiya sistasi, to‘qimachilik mahsulotlari, yog‘och va taxta va boshqa mahsulotlar dunyo bozorlariga eksportga chiqarilgan. Metallar va ulardan yasalgan buyumlar, yog‘och va taxta, transport va uning ehtiyot qismlari, texnologik asbob-uskunalar, qishloq xo‘jaligi, neft va neft mahsulotlari, oziq-ovqat va kimyo sanoati mahsulotlari kabi tovarlar Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Belarus va Koreya davlatlaridan olib kelinib, erkin muomalaga chiqarilgan.
Ahamiyatlisi, bojxona organlarida joriy etilgan xavfni boshqarish tizimi yordamida bojxona yuk deklaratsiyalari xavflilik darajasiga qarab, “qizil”, “sariq” va “yashil” yo‘laklarga ajratilishi hamda halol tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan qo‘llaniladigan “yashil” yo‘laklarda bojxona ko‘rigining amalga oshirilmasligi, “sariq” yo‘lakka tizim yordamida avtomatik ravishda yo‘naltirilgan deklaratsiyalar esa soddalashtirilgan bojxona nazoratidan o‘tkazilishi, faqatgina “qizil” yo‘lakdagi yuklargagina bojxona ko‘rigining tatbiq etilishi tashqi savdo operatsiyalari bilan shug‘ullanuvchi halol tadbirkorlik sub’ektlarining vaqt sarflashi va ortiqcha ovoragarchiliklarining oldini olib, xalqaro tashuvlarning tez va samarali amalga oshishiga zamin yaratmoqda.
Joriy yil boshidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona posti tomonidan rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalari uchun sarflangan vaqt hajmi tahlil qilinganda, bir dona eksport deklaratsiyasi uchun o‘rta hisobda “yashil” yo‘lakda 17 daqiqa-yu 40 soniya, importda esa xuddi shu toifadagi deklaratsiya uchun olib kirilayotgan tovarlar xususiyati, turi va miqdoridan kelib chiqib, 50 daqiqa-yu 24 soniyada rasmiylashtirilganligini qayd etish lozim. Bu esa, yaqin o‘tmishdagi soatlab, kerak bo‘lsa, kunlab bojxona postida tashqi savdo yuklarining turib qolishi, tadbirkorlik sub’ektlarining yuklarni tushirish va yuklash xarajatlari-yu sarsongarchiliklari bilan aslo solishtirib bo‘lmaydigan natija.
Bugungi kunda bojxona tizimida ro‘y berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, raqamli bojxonaning tashkil etilishi yurtimizda ilgari surilayotgan inson qadri tamoyili asosida xalqimizning farovon turmushini ta’minlash, davlatimizning iqtisodiy barkamollikka erishishiga xizmat qiladi.
Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri