O‘zbekiston Millliy axborot agentligi Italiyaning eng nufuzli axborot agentligi bilan memorandum imzoladi
ANSA Italiyaning Yevropa, Janubiy Amerika, Afrika va Osiyo bo‘ylab 70 ga yaqin xalqaro hamkorlar bilan kelishuvga ega, 50 dan ziyod mamlakatda muxbirlari faoliyat yuritayotgan milliy axborot agentligi. Bugungi kunda dunyoning besh qit’asida 73 xorijiy idorasi, 22 vakolatxonasi bor.
Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA va Italiyaning ushbu axborot agentligi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
Onlayn tarzda o‘tgan marosimda Italiyaning O‘zbekistondagi va mamlakatimizning ushbu Yevropa davlatidagi Favqulodda va muxtor elchilari Agostino Pinna hamda Otabek Akbarov, ANSA va O‘zA vakillari ishtirok etdi.
ANSA Bosh ijrochi direktori Stefano Piyero Karlo De Alessandri G‘arbiy Yevropada O‘zA bilan bitim imzolagan ilk agentlik bo‘lganidan faxrlanishini ta’kidladi.
– Ushbu hamkorlik davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni oshirishga xizmat qiladi, – dedi direktor janob De Alessandri. – Endi bizda obunachilarimizga yanada keng qamrovli ishonchli axborot taklif etish imkoniyati oshadi.
Tadbir davomida O‘zA Bosh direktori A.Ko‘chimov jahon miqyosida OAV bilan aloqalarni mustahkamlash agentlik uchun strategik vazifa hisoblanishini qayd etdi.
– Ayni payt biz barcha mintaqalardagi yirik axborot agentliklari bilan faol axborot almashyapmiz. ANSA bilan sheriklik esa butun mintaqa faoliyatini o‘rganish, Yevropa bilan tezkor axborot almashishga zamin yaratadi, – dedi O‘zA rahbari. – ANSA O‘zAning G‘arbiy Yevropadagi birinchi axborot hamkoridir.
Uchrashuvda elchilar ham so‘z olib, axborot sohasidagi hamkorlik O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi strategik aloqa rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi, do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Memorandumga muvofiq, ikki agentlik bundan buyon muntazam ravishda Toshkent va Rimdagi elchixonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi, maqola va video lavhalardan foydalanish vakolatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida: “Stefani” axborot agentligi negizida qayta ta’sis etilgan ANSA jurnalistik ma’lumotlarni to‘plash, nashr etish va tarqatishga ixtisoslashgan. Noshirlik majmuasi sifatida 36 ta yirik gazeta va jurnalni ham birlashtirgan.
“Franc-Press” va “Reyter” kabi nufuzli agentliklar bilan hamkorlik qilib kelayotgan mazkur agentlik italyan tilidan tashqari ingliz, ispan, fransuz, nemis, arab tillarida ham yangiliklar, tahliliy maqola, video reportajlar tayyorlab tarqatadi.
Behruz Xudoyberdiyev, Davron Ernazarov (surat), O‘zA