Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekiston ovozi” gazetasining 105 yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva, taniqli jurnalist, “Nuroniy” jamg‘armasi Respublika boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev va boshqalar mamlakatimiz media hayotida “O‘zbekiston ovozi” gazetasining o‘z o‘rni, mavqei va ta’siri borligini ta’kidladi.
“O‘zbekiston ovozi” gazetasi mamlakatimiz jurnalistikasi tamal toshini qo‘ygan, yetuk kadrlarni tayyorlab bergan nashrlardan biridir.
1918 yil 21 iyun kuni “Ishtirokiyun” nomi bilan tashkil topgan edi. Uzoq yillar davomida turli nomlar bilan chop etilgan ushbu gazetaning rivoji Usmonxon Eshonxo‘jayev, Akmal Ikromov, Komil Aliyev, Qamchinbek, Qosim Sorokin, Mirmuhsin Shermuhamedov, Mannon Romiz, Sharof Rashidov, Maqsud Qoriyev, Laziz Qayumov, Ziyod Yesenboyev, Sharof Ubaydullayev, Azim Suyun, Safar Ostonov kabi milliy matbuotimiz darg‘alarining nomi bilan bevosita bog‘liqdir.
– Ushbu gazetada buyuk ijodkorlar mehnat qilgan, – dedi Sharof Ubaydullayev. – Matbuotning jamiyat oldidagi roli, burchi hamisha ulkan bo‘lgan. Bugun ijodkorlar ayni jihatni e’tiborga olgan holda dolzarb va o‘tkir mavzularni dadil ko‘tarib chiqishlarini tilab qolardim.
Tadbirda ta’kidlanganidek, yurtimizdagi yetakchi media tuzilmalarida mehnat qilayotgan aksariyat kadrlar “O‘zbekiston ovozi” gazetasining ijod maktabida toblangan. O‘zbekistonimizning mustaqilligini mustahkamlashda, hayotimizda kechayotgan o‘zgarishlarni, iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi tub yangilanishlarni aks ettirishda ushbu nashrning ahamiyati katta bo‘lmoqda.
Ayni paytda bugungi globallashuv davrida mamlakatimizdagi jarayonlarni tezkor, xolis, haqqoniy, tahliliy tarzda yoritishdek vazifalar ushbu nashr zimmasida ham turibdi.
Uchrashuvda mamlakatimizning turli hududlaridagi jurnalistlar, yetakchi nashrlarning bosh muharrirlari tahririyat faoliyatiga rivoj tiladi.
Anjumanda faol va faxriy jurnalistlarga Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri