“O‘zbekipaksanoat” uyushmasida mamlakatimizda ipak ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borayotgan SILTRACO (Ispaniya) va San Shayn (Yaponiya) kompaniyalaridan tashkil topgan (S&S) jamoa bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda sohaga xorijiy investitsiyalarni, ilg‘or xorijiy texnologiyalarni jalb etish va mamlakatning eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Prezidentimizning joriy yil 24 fevraldagi “Ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida xalqaro savdoni osonlashtirish va ipakdan birlamchi va oraliq mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida manufakturalar bilan aloqalarni o‘rnatish, Yevropa Ittifoqi iste’molchilari hamkorligida sifatli ipak ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, hamkorlar bilan O‘zbekistonda 5A va 6A toifali yuqori sifatli ipak ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Jumladan, tut plantatsiyasini yaratishni o‘z ichiga olgan sanoat majmuasi qurilishida Yaponiyaning eng yangi texnologiyalari va jihozlaridan foydalanish haqida kelishib olindi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA