Joriy yilning 20 iyun kuni Pekinda Shanxay hamkorlik tashkiloti kuniga bag‘ishlangan qabul doirasida SHHTga a’zo davlatlarning tegishli bir guruh vakillariga “SHHTning yaxshi niyatli elchisi” faxriy unvonini berish to‘g‘risidagi guvohnomalarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, Shanxay hamkorlik tashkiloti O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinovni SHHTning mamlakatimizdagi yaxshi niyatli elchisi etib tayinlandi. SHHT Bosh kotibi Chjan Min unga tegishli guvohnomani topshirdi.
Tadbirda SHHTga a’zo davlatlarning elchilari, doimiy vakillari, Xitoy davlat idoralari vakillari, Kotibiyat rahbariyati va xodimlari ishtirok etdi.
“SHHTning yaxshi niyatli elchisi” faxriy unvonini joriy etish tashabbusi 2021 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surildi. 2022 yilda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan SHHTga a’zo-davlatlar rahbarlari kengashining majlisi doirasida SHHTning yaxshi niyatli elchisi faoliyatining asosiy vakolatlari, funksional vazifalari va moliyaviy qoidalari belgilangan tegishli nizom tasdiqlandi.
Kuni kecha o‘zbek tasviriy san’ati ustasi, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov shuningdek, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti -TURKSOYning oltin medali bilan taqdirlanganini qayd etish joiz.
N.Usmonova tayyorladi, O‘zA