Samarqandda TIR ijroiya kengashi, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bojxona tizimi mas’ullari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida tranzit tashishni raqamlashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi.

TIR – (fransuzcha “Transports Internationaux Routiers”) bu tovarlarni kelib chiqqan mamlakatdan belgilangan davlatga bojxona nazoratidan shaffof, o‘zaro tan olingan tartiblarga muvofiq, muhrlangan yuk bo‘limlarida tashish imkonini beruvchi jahon miqyosida uyg‘unlashtirilgan bojxona tranziti tizimi. Bu tovarlarni bir nechta xalqaro chegaralar orqali olib o‘tishning eng oson, xavfsiz va ishonchli usuli bo‘lib, tashuvchilar va bojxona organlarining ham vaqtini ham mablag‘ini tejaydi.

1978 yilda kuchga kirgan TIR konvensiyasiga O‘zbekiston 1995 yilda qo‘shilgan. Dengizga chiqish yo‘li bo‘lmagan va quruqlikdagi transport tizimi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan mamlakat sifatida O‘zbekiston TIR-karnet kitobchalaridan foydalanish bo‘yicha 77 ta ahdlashuvchi davlatlar ichida ikkinchi o‘rinni (Erondan keyin) egallaydi.

– TIR tizimi tashish vaqtini 80 foizga, xarajatlarni esa 38 foizgacha qisqartiradi, – deydi italiyalik Marko Champi. – Har yili 1 millionga yaqin tashuvlar TIR dan foydalangan holda amalga oshiriladi. Biz – Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarda bojxona tizimi allaqachon kompyuterlashtirilgan va buning qulayligini ko‘rib turibmiz. Ushbu tajribadan foydalanib, boshqa davlatlarda ham bojxona tizimini to‘liq raqamlashtirish kerak. Bu tovarlarni bir nechta xalqaro chegaralar orqali olib o‘tishning eng oson usulidir.

– Yurtimizda ilk bor tashkil etilgan anjumanda ishtirokchilar Markaziy Osiyo transporti uchun yagona raqamli platforma yaratishga alohida e’tibor qaratdi, – deydi Bojxona qo‘mitasining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Qobulov. – Bu transport va logistika kompaniyalari yuklarni xalqaro chegaralar orqali tez va ishonchli tashish uchun xizmat qiladi.

Jumladan, O‘zbekiston raqamli bojxona rasmiylashtiruvi vositalariga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro darajada faol ish olib boryapti. Xalqaro avtomobil transporti to‘g‘risidagi konvensiyaning 11-ilovasi doirasida Ozarbayjon hamda O‘zbekiston o‘rtasida birinchi transchegaraviy yuk tashish amalga oshirilgani buning isbotidir.

G‘.HASANOV,

A.ISROILOV (surat), O‘zA