Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 21 iyun kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvni nomzodning Navoiy viloyati bo‘yicha ishonchli vakili Quvondiq Sanaqulov ochdi.  Shavkat Mirziyoyev rahbarligida keyingi yillarda viloyatda odamlar hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning amaliy natijalari alohida e’tirof etildi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.

Nomzodning dasturida beshta strategik maqsad qamrab olingan:

Birinchi maqsad – har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoit yaratish. Ikkinchi maqsad – odamlarni hayotdan rozi qilish uchun barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Uchinchi maqsad – suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish. To‘rtinchi maqsad – qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish. Beshinchi maqsad – Yangi O‘zbekiston xavfsiz va tinchliksevar davlat.

Nomzod авvaло, mamlakatimizda kelgusi yetti yilda sanoatni rivojlantirishga oid rejalari haqida to‘xtaldi.

– Xorijiy hamkorlarimiz bilan birga, umumiy qiymati 120 milliard dollar bo‘lgan mega va yirik loyihalarni boshladik. Xususan, mamlakatimiz faxri bo‘lgan “Navoiy kon metallurgiya kombinati”da 3 milliard 800 million dollarlik 19 ta loyiha amalga oshiriladi. Misol uchun, kuni kecha “Pistali koni”ning birinchi bosqichi ishga tushirildi, yil yakunigacha ikkinchi bosqichi ham foydalanishga topshiriladi. Ushbu loyiha hisobiga yiliga qo‘shimcha 4,4 tonna oltin ishlab chiqariladi.

“Navoiy uran”da 550 million dollarlik 11 ta loyihani amalga oshirish orqali uran zaxiralari 67 ming tonnadan 100 ming tonnaga yetkaziladi.

Umuman olganda, 2030 yilgacha mis ishlab chiqarish 3,5 barobar, oltin – 1,5 barobar, kumush – 3 barobar, uran – 3 barobarga oshiriladi, – dedi nomzod.

Uchrashuvda илк bor litiy, grafit kabi xomashyolar o‘zimizda ishlab chiqarilishi ma’lum qilindi.

– Butun dunyoda talab oshib borayotgan, elektromobil, elektrotexnika, yashil energetika sohalari uchun muhim bo‘lgan litiy, grafit kabi xomashyolarni ilk bor o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Jumladan, Toshkent viloyatida yiliga 8 ming tonna litiy, Buxoroda 50 ming tonna grafit ishlab chiqariladi.

Ohangarondagi mis, Bekoboddagi qora metall, Chirchiqdagi qishloq xo‘jaligi texnikasi klasterlarida 10 milliard dollarlik 46 ta korxona barpo etiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kelgusi yetti yilda 60 ming kvadrat kilometr maydonda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun byudjetdan 10 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgani aytildi.

– Shu bilan birga, bu yo‘nalishga Kanada, Fransiya, Avstriya, Yaponiya, Xitoy, Turkiya va Birlashgan Arab Amirliklari kompaniyalarining 2 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini ham jalb qilamiz.

Shuningdek, mahalliy tadbirkorlarga ham strategik foydali qazilma konlarini berishni yanada kengaytiramiz. Bu borada shu yilning o‘zida oltin, kumush, volfram, ko‘mir hamda noruda konlarga 500 ta ruxsatnomalar beriladi. Bu ishlarni kelgusi yillarda to‘rt barobar oshiramiz, – dedi nomzod.

Shavkat Mirziyoyev viloyatda ta’limga oid rejalari haqida ma’lumot berdi.

– Kelgusi yetti yilda viloyatdagi oilalarning maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyoji 100 foizga to‘liq qoplanadi (hozirda qamrov 82 foiz). Shu maqsadda viloyatdagi barcha mahallalarda jami 310 ta davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etiladi. Bunga barcha manbalar hisobidan 1,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, 2030 yilga qadar yangi maktablar barpo etish va mavjudlarining quvvatini oshirish hisobiga qo‘shimcha 40 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Natijada viloyatda 30 nafardan ko‘p bola ta’lim oladigan birorta sinf qolmaydi (hozirda bunday sinflar soni 1 ming 200 ta). Viloyatdagi barcha maktablar zamonaviy kompyuter sinflari va o‘quv laboratoriyalari bilan ta’minlanadi.

Navoiyning iqlimini hisobga olgan holda barcha bog‘cha va maktablar filtrlangan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi, – dedi nomzod.

Shavkat Mirziyoyev kelgusi yetti yilda aholining turmush sharoitlarini yaxshilashga oid rejalari bilan ham tanishtirdi. Jumladan:

– viloyatda 30 ming oilaga mo‘ljallangan 350 ta ko‘p qavatli uylar barpo etiladi;

– 45 ming oila istiqomat qiladigan 1 ming 200 ta ko‘p qavatli uylar ta’mirlanadi;

– bu ishlarni amalga oshirish uchun barcha manbalar hisobidan Navoiy viloyatining o‘ziga 1 milliard dollar yo‘naltiriladi;

–3,5 ming kilometr ichki yo‘llar, 60 dan ziyod ko‘priklar quriladi va ta’mirlanadi;

– eskirgan 5 ming kilometr elektr tarmoqlari va 1 ming 200 ta transformator yangilanadi;

– 1 ming kilometr suv tarmoqlari o‘tkazilishi natijasida 100 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi va suv ta’minoti darajasi 85 foizga yetadi.

Navoiyda ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida kelgusi yetti yilda 120 million tup daraxt ekilishi ma’lum qilindi.

– Buyuk bobokalonimiz Navoiyga cheksiz hurmatimiz belgisi sifatida, viloyatning 5 ta tuman va shahrida “Xamsa”dagi dostonlar nomi bilan ataladigan beshta ekobog‘ yaratsak, nima deysizlar, – dedi nomzod.

Suv xo‘jaligidagi islohotlar uchun kelgusi yetti yilda Navoiyga 2,5 trillion so‘m yo‘naltirilishi aytildi.

– Suv resurslarini tejash, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha katta islohotlarni amalga oshiramiz. Bu ishlar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, juda ko‘p mablag‘ kerak, lekin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bunga barcha kuch va vositalarni safarbar qilamiz.

Suv ta’minoti eng og‘ir bo‘lgan Qiziltepa, Xatirchi va Karmana tumanlarida 8 ming gektar maydonlar yopiq quvurli sug‘orish tizimiga o‘tkaziladi. Bunga 150 milliard so‘m beriladi. Birgina shuning o‘zida sug‘orishga sarflanadigan 200 million kub metr suvning 40 foizi tejaladi.

Bundan tashqari, Navoiydagi mavjud kanallarning 150 kilometr qismi beton qoplamaga o‘tkaziladi, 125 kilometr drenaj tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi. Bunga 300 milliard so‘m ajratiladi, – dedi nomzod.

Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.

 

Ziyodulla JONIBEKOV,

O‘zA