Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisida qirq ikkinchi yalpi majlisni 2023 yilning 22 iyun kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan yig‘ilishda  navbatdagi yalpi majlisda jamiyat va davlat hayotida muhim o‘rin tutadigan masalalar kun tartibiga kiritilgani qayd etildi.

Jumladan, yalpi majlisda o‘nga yaqin qonun ko‘rib chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi ekspertizasi, davlat boji, ijro hujjati, narkologik kasalliklar, Hisob palatasi, radiochastota spektri bilan bog‘liq qonunlar muhokama etiladi.

Davlat chegarasi, harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik bo‘yicha xalqaro hujjatlarga oid qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Bundan tashqari, yalpi majlisda parlament so‘rovi natijalari  ham tahlildan o‘tkaziladi.

Yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalar, o‘z navbatida, Senat qo‘mitalarida dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Hujjatlardagi noaniqliklar va kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Xususan, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston – Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2022 yil 22 dekabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun atroflicha muhokama qilindi.

“O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohada hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni (Islomobod, 2022 yil 3 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi majlisida esa jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, aholi bilan uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil qilish, ko‘tarilgan masala va muammolarni zudlik bilan joyida hal qilish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Kadastr agentligi rahbarining axboroti eshitildi.

Agentlik tomonidan 2023 yil 5 oyida 5,6 mingdan ziyod murojaat ijro uchun qabul qilingan. Shundan 66,7 foizi qanoatlantirilgan, 31,6 foizi yuzasidan tushuntirish berilgan bo‘lsa, 1,7 foiziga rad javobi berilgan.

Kadastr hujjati yo‘qligi bilan bog‘liq murojaatlar soni ko‘paygan. Senatorlar aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha qator takliflar bildirdi.

Agentlik Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat xizmatlari orqali aholiga ko‘rsatiladigan kadastr xizmatlari sonini oshirish va shu barobarida belgilangan muddatlarda hamda sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlashi zarurligi aytildi.

N.Abduraimova, O‘zA