Yoshlar siyosati va sport vazirligida mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) va Qatar Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Tani ibn Abdulrahmon Al Quvari bilan O‘zbekiston va Qatar mamlakatlari o‘rtasida sport sohasidagi hamkorlikni kuchaytirish, do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov, Qatarning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Hasan Hamza Hoshim, Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etgan uchrashuvda har ikki davlat Milliy olimpiya qo‘mitalari hamda Osiyo olimpiya kengashi tizimidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, “Toshkent-2025″ yoshlar Osiyo o‘yinlariga hamkorlikda tayyorgarlik ko‘rish, terma jamoalar o‘rtasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tizimli tashkil etish, zamonaviy sport ob’ektlarini qurish va bu borada o‘zaro tajriba almashish mavzulari muhokama qilindi.
Aytish lozim, Qatar so‘nggi yillarda sport dunyosida katta mavqega ega bo‘ldi. Mamlakat bir qator sport turlari, bo‘yicha jahon chempionatlariga mezbonlik qilib kelmoqda. O‘tgan yillar davomida yozgi Osiyo o‘yinlari tashkil etilgan bo‘lsa, yaqinda futbol bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionati dunyo nigohini Qatarga qaratdi. Qatar 2030 yil yozgi Osiyo o‘yinlarini qabul qilishga hozirlik ko‘rayotgan mamlakat sanaladi. Muloqotlar chog‘ida yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Toshkent-2025″ Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish borasida ushbu davlat tajribasini o‘rganish masalalari xususida fikr yuritildi.
Muloqot davomida yurtimizning har bir hududida olimpiya targ‘ibotini kuchaytirish, yakkakurash sport turlarida iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish, Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash tizimi haqida so‘z bordi.
Suhbat yakunida Osiyo olimpiya kengashi a’zolari hamda Qatar sport mutasaddilari o‘zbek sportining kuchli maktabga egaligi, yakkakurash turlarida atletlarimizning jahonda yetakchilar qatoriga kirishini alohida ta’kidladi. Mehmonlar keng qamrovli hamkorlik aloqalarining mustahkamlanishi mintaqada Olimpiya harakatining rivojini yangi bosqichga chiqishiga xizmat qilishini e’tirof etib, bunda O‘zbekistonning o‘rni alohida ekanligini bildirdi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA