Bugun Buyuk Britaniya poytaxti Londonda Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha ikkinchi konferensiya boshlanadi. Ikki kun davom etadigan tadbirda 61 davlatdan mingdan ziyod mehmon, jumladan nodavlat notijorat tashkilotlari, biznes doira vakillari ishtirok etadi, deb xabar berdi Qirollik hukumati matbuot xizmati.
Forumni Bosh vazir Rishi Sunak va marosimda virtual chiqish qilishi kutilayotgan Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ochib beradi. Shuningdek, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Yevropa Komissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ham nutq so‘zlashi rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, Sunak konferensiya ishtirokchilarini Ukraina iqtisodiyotiga uzoq muddatli sarmoya kiritishga va mamlakatni innovatsiya yo‘li bilan tezroq tiklashga undaydi.
Bosh vazirning fikricha, “moliyaviy jihatdan baquvvat va texnologik jihatdan rivojlangan Ukraina” hududlarini qaytarib olishi, “suveren va zamonoviy, kelajagi porloq Ukrainani yaratishi” mumkin.
Xabarda aytilishicha, anjumanda London tomonidan Jahon banki Kiyevga uch milliard dollar ajratishi uchun qo‘shimcha kafolat berilishi e’lon qilinadi.
O‘zA