O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ishonchli vakili Xalilla Yeshimbetov saylovchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari hamda yoshlar ishtirok etdi.

Ishonchli vakil saylovchilarga nomzod haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanganidek, nomzodning saylovoldi dasturida arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlar, kafolatli tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlar uchun ta’lim kafolatlarini mustahkamlash, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti, tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi, ijtimoiy tenglikka asoslangan demokratiya, sud-huquq islohotlari, konstruktiv tashqi siyosatga oid to‘qqizta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq va manzilli taklif hamda tashabbuslar ilgari surilgan.

Dasturda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni doimiy ish bilan ta’minlash, nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratish, infratuzilmani yaxshilash, ichimlik suvi, elektr, tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgan tashabbuslarga e’tibor qaratilgan.

Ishonchli vakil saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovga ovoz berishga chaqirdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev O‘zA