Prezident “Aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Ushbu qarorga muvofiq, 2023 yil 1 iyuldan boshlab Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantiriladi.
Markaz ixtisoslashtirilgan psixiatriya, tibbiy-psixologik va narkologik yordam ko‘rsatishni tashkil etadi, ushbu yo‘nalishlarda yuqori texnologik moddiy baza va ilmiy maktabni shakllantiradi. Shuningdek, aholining barcha darajadagi ruhiy salomatligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi.
Hududlardagi ruhiy-narkologiya shifoxonalari va dispanserlari Markazning hududiy tashkiliy-uslubiy boshqarmalari hisoblanadi.
Shuningdek, qarorda qayd etilishicha, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida maxsus ijtimoiy-emotsional o‘quv soatlari (Social Emotional Learning, SEL)ni tashkil etish topshirildi.
Yangi fan o‘quvchilarda o‘zini tuta bilish va qiyin hayotiy vaziyatlarni yengish ko‘nikmalarini shakllantirishga, depressiv, xavotirli holatlar va o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Qarorda, shuningdek, 1 iyuldan boshlab tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr hamda psixiatriya davolash muassasalarida faoliyat yuritayotgan psixiatr, tibbiy psixolog, psixoterapevt hamda suitsidologlarning lavozim maoshiga ustama miqdori 25 foizdan 50 foizgacha oshirish belgilandi.
O‘zA