Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
— Mazkur qonun loyihasi bilan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi hamda “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda, — dedi deputat Mavluda Ibrohimova. — Qonun loyihasida donor qoni va uning tarkibiy qismlaridan farmakologik vositalarni ishlab chiqarishni rivojlantirish, dori vositalarining klinik tadqiqotlarini xalqaro standartlar talablariga muvofiq tashkil etish, farmatsevtika bozoriga yangi zamonaviy dori vositalari kirib kelishini rag‘batlantirishga qaratilgan normalar belgilanmoqda. Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlarimizning qator takliflari inobatga olindi. Jumladan, klinik tadqiqotlarni voyaga yetmaganlarda o‘tkazishni taqiqlash to‘g‘risidagi takliflari inobatga olindi. Shuningdek, qonun loyihasi lingvistik tahlildan o‘tkazildi.
Qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish davomida fikr-mulohazalar bildirilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA