O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish tartibi, mutaxassislar tayyorlash jarayonlari yuzasidan ovozli chat o‘tkazilgan edi.

Unda ekspert sifatida ishtirok etgan Mudofaa vazirligining harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi harbiy ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Munavvar Mamayusupov harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirish uchun topshiriladigan hujjatlarning birmuncha ko‘pligining o‘ziga yarasha sabablari borligini tushuntirdi.

– Ta’lim muassasalarimizga o‘qishga hujjat topshirayotgan abituriyentlar turli xil sinovlardan o‘tadi, – dedi M.Mamayusupov. – Birinchi navbatda bizga sog‘lom, aqlli, farosatli, ruhan tetik, chidamli yoshlar hujjat topshiradi. Ularning oilaviy sharoitlari o‘rganiladi. Qarindoshlari orasida sudlanganlar yoki suitsid alomatlari kuzatiladiganlari bor yoki yo‘qligi tekshiriladi.

Bundan 5 yil avval mudofaa tizimidagi harbiy bilim yurtiga o‘qishga kirish uchun juda ham ko‘p ovoragarchiliklar bo‘lardi. Tuman, viloyat, respublika bosqichigacha bo‘lgan jarayonlar bor edi. Hozirgi kunda shu jarayonlar soddalashtirilgan. Faqatgina tuman mudofaa ishlar bo‘limida hujjat yig‘iladi. Viloyat bosqichida dastlabki saralash tadbirlari amalga oshiriladi. Hozir talablarimiz maksimal darajada qisqartirilgan.

Test sinovlari avvallari faqat Toshkentda o‘tkazilgan. Hozir esa hududlarda o‘tkazilyapti. Harbiy Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun nomzod elektron tarzda ariza beradi.

Maktab hamda kollejlarda olib borilayotgan targ‘ibot ishlarimiz natijasida milliy armiyamizning jozibadorligi oshib, yildan yilga harbiy oliy ta’limga kiruvchi yoshlar soni ortib bormoqda. 2022 yilda Oliy harbiy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirish uchun 10 mingga yaqin nomzod hujjat topshirgan bo‘lsa, bu yil 16 mingga yaqin nomzod ariza bergan.

– O‘qishni davom ettirishni istamaydigan talabalarga qanday yo‘l tutiladi?

– Kursantlarni oliy harbiy ta’lim muassasasidan chetlashtirish quyidagi hollarda amalga oshiriladi.  Sog‘lig‘i tufayli. Maxsus tibbiy ekspertiza xulosasiga asosan haqiqatan o‘qishga yaroqsiz bo‘lsa o‘qishdan chetlashtiriladi. Keyingisi intizomsizlik. Ya’ni nizom qoidalarini buzish ketma-ket davom etsa, bilim yurti rahbari tomonidan o‘qishdan chetlashtiriladi.

Yana boshqa sabablar: o‘quv fanlarini o‘zlashtirolmaganda, hamda tabiiy ofat sodir etilganida, oilasida kimdir og‘ir kasal bo‘lishi tufayli, oilasi muhtoj bo‘lgan taqdirda chetlashtirish mumkin.

Nigora Rahmonova, Abror Sodiqov (video), O‘zA