Bugun Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining AQSHga davlat tashrifi boshlanadi. U AQSH Prezidenti Jo Bayden va boshqa rasmiylar bilan uchrashadi, shuningdek, AQSH Kongressida nutq so‘zlaydi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Vinay Moxan Kvatra ma’lum qildi.
Modi chorshanba kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida Xalqaro yoga kuni tantanalarini kuzatadi va Nyu-Yorkda qator uchrashuvlar o‘tkazadi. Vashingtonda Bayden bilan uchrashgach, delegatsiyalar darajasidagi muzokarada ishtirok etadi. 22 iyun kuni AQSH Kongressi har ikki palatasi qo‘shma yig‘ilishida nutq so‘zlaydi. Ertasi kuni AQSH vitse-prezidenti Kamala Xarris va Davlat kotibi Entoni Blinken bilan nonushta qiladi.
Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar avvalroq ta’kidlaganidek, Hindiston Bosh vazirining Amerikaga tashrifi “muhim ahamiyatga ega”.
O‘zA