O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qaror inobatga olingan holda, yurtimizda 28 iyun kuni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanishi yuzasidan O‘zbekiston Prezidentining qarori e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Qurbon hayiti joriy yilning 28 iyun kuni, haftaning Chorshanba kuni nishonlanadi.

Shuningdek, Aholining Qurbon hayiti bayramini munosib saviyada o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida O‘zbekiston Prezidentining “2023 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan ish haftasining turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun 29-30 iyun kunlari, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun esa 1 iyul kuni qo‘shimcha dam olish kuni sifatida belgilandi.

Shu tariqa, o‘zbekistonliklar quyidagi kunlarda dam oladi:

• 28 iyun, chorshanba — Qurbon hayiti bayrami;

• 29 iyun, payshanba — ish haftasi turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;

• 30 iyun, juma — ish haftasi turidan qat’i nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;

• 1 iyul, shanba — 6 kunlik ish haftasidagi xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;

• 2 iyul, yakshanba — taqvim bo‘yicha dam olish kuni.

I.Ismatov, M.Eshmirzayeva, O‘zA