Davlat bayrog‘i – mustaqilligimiz ramzi. Unda milliy davlatchiligimiz, mustaqil va mustahkam davlat barpo etish borasidagi ezgu g‘oyamiz, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligimiz, orzu-maqsad va intilishlarimiz aks etgan. U o‘zida butun O‘zbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, g‘ayrati va shijoatini mujassam qilgan.

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi. Ushbu hujjat bilan fuqarolarning Davlat bayrog‘idan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirish maqsadida amaldagi Qonunga bir necha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi taklif etilmoqda.

Jumladan, davlat bayrog‘idan sport musobaqalarida, ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarida, madaniy va o‘zga ommaviy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotiraviy sanalarni bayram qilishda hamda boshqa hollarda ham bayrog‘imizga nisbatan zarur hurmatni ta’minlagan holda foydalanilishga ruxsat berish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, davlat ramziga zarur hurmat bilan muomala qilgan holda undan va uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylari va binolarda, yashash yoki ish joylarida hamda ularga tutash bo‘lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanish mumkinligini belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilik belgisi sifatida Davlat bayrog‘i va uning tasviri tushirilgan belgilardan O‘zbekiston Respublikasi vakili bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan rasmiy xalqaro tadbirlarda foydalanishda, harbiy yoki boshqa davlat xizmatida bo‘lgan shaxslar tomonidan kiyim-kechak va farqlovchi nishonlarda qo‘llashda, xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda foydalanishga ruxsat berilyapti. Qolaversa, Davlat bayrog‘iga nisbatan hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘linishiga yo‘l qo‘yilmaydigan hollar aniq belgilab berilmoqda.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qizg‘in muhokama qilindi. Deputatlar qonun loyihasining g‘oyatda muhimligi va zarurligini aytib, uning qabul qilinishi orqali fuqarolar undan o‘z xonadonlarida, ish joylarida erkin foydalanishi mumkinligini, jamiyatda mamlakatimizga nisbatan mehr-muhabbat tuyg‘ularini va vatanparvarlik hissini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, yig‘ilishda yana boshqa qonun loyihalari ham muhokama qilinib, deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA