Bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 3 ta tayanch ixtisoslashtirilgan maktab hamda 166 ta ixtisoslashtirilgan maktab faoliyat ko‘rsatmoqda. 2023-2024 o‘quv yilida Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida yangidan 13 ta ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internati tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga 2023/2024 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 10 iyundan – 30 iyunga qadar onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshiriladi. Prezident maktablariga umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining to‘rtinchi sinf bitiruvchilari orasidan qobiliyatli va iqtidorli, matematika va tabiatshunoslik fanlaridan o‘quv yilini a’lo baholarga tamomlagan o‘quvchilarning hujjatlari qabul qilinadi. O‘quvchilar faqat ta’lim olayotgan maktabining hududidagi Prezident maktabiga hujjat topshirishi mumkin.

Xo‘sh, Prezident maktablariga kirish imtihonlari uchun javoblar nega qalamda belgilanadi?

Mazkur savol yuzasidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev quyidagilarni ma’lum qildi.

– Imtihonlarga javobni qalamda belgilash aslida Cambridge Assessment tashkiloti tomonidan qo‘yilgan talablardan biridir, – deydi Alisher Ubbiyev. – Qalamdan boshqa yozuv qurolida belgilangan javoblarni maxsus kompyuter tekshirmaydi. Test javoblarini tekshirishga ixtisoslashgan dastur faqat qalamda belgilangan javoblarni qabul qiladi. Shuningdek, qalamda belgilangan javoblar yaxshi skaner qilinadi. Ruchkada belgilanganda esa ularning bo‘yalib ketish ehtimoli mavjud. Javoblarni qalamda belgilash talabgorga xato qilib qo‘ysa, shu xatoni tuzatish imkonini beradi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, IELTS, TOEFL kabi sinovlarda qalamda belgilash usuli qo‘llaniladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA