Madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy yilning 20-24 iyun kunlari Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida Qozog‘iston madaniyat kunlari, uning doirasida Toshkent shahrida 20-23 iyun kunlari Qozog‘iston kinosi kunlari bo‘lib o‘tadi. Tadbir dasturiga binoan, 20 iyunda Toshkentdagi “Turkiston” san’at saroyida Qozog‘iston madaniyat kunlarining ochilish marosimi va R. Baglanova nomidagi “Qozoqkonsert” davlat muassasasi ijodiy guruhining konsert dasturi o‘tkaziladi. Konsert dasturida Qozog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan arbob Alisher Karimov, xalqaro tanlovlar sovrindorlari Ruxiya Baydukenova, Madi Sizdikov, “Gulder”, “Turan” folklor-etnografik ansambllarining chiqishlari namoyish etiladi.

20-23 iyun kunlari Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi kinosaroy zallarida “Sulton Beybars”, “Mukagali”, “Dots.Mukasan”, “Vremya patriotov”, “Paralimpiyachi”, “Na starte”, “Leto 1941 goda” badiiy filmlari, “Kenja qiz”, “Besik jiri”, “Amen ag‘a ag‘ashi” multfilmlari namoyishi bo‘lib o‘tadi.

21 iyun kuni “Turkiston” san’at saroyida R. Baglanova nomidagi “Qozoqkonsert” davlat muassasasi va O‘zbekiston davlat filarmoniyasining O‘zbekiston milliy simfonik orkestri bilan hamkorlikdagi qo‘shma “Folk&Symphony” konserti o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 22 iyun kuni Samarqand viloyat san’at saroyida, 23 iyun kuni Buxoro shahridagi Yoshlar markazi konsert saroyida R. Baglanova nomidagi “Qozoqkonsert” davlat muassasasining konsert dasturi tashkil etilishi, unda Qozog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Alisher Karimov, xalqaro tanlovlar sovrindorlari Ruxiya Baydukenova, Madi Sizdikov, “Gulder” ansambli, “Turan” folklor-etnografik ansamblining chiqishlari namoyish etilishi belgilangan.

23 iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Qozog‘iston madaniyat kunlarining yopilish marosimi va Abay nomidagi Qozoq milliy opera va balet teatrining “Abay” spektakli sahnalashtirilishi rejalashtirilmoqda.

 

N. Usmonova, O‘zA