O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Eron Islom Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida “Toshkentdagi Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi” (Iran House of innovation and technology in Tashkent — IHITT)ning rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Tehrondan onlayn tarzda Eron Prezidentining Fan va texnologiyalar bo‘yicha o‘rinbosari (vitse-prezidenti) Ruhullo Dehgani Feruzobodi hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov ishtirok etib, ikki davlat o‘rtasida ilm-fan, innovatsiyalar va ta’lim sohasida aloqalarni yanada mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi ochilishida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov, Innovatsion uy rahbarlari Faxrulla Lutfiyev va Rasul Beheshtigar ishtirok etdi. Tadbirda davlat idoralari, diplomatik korpus vakillari, mutasaddilar, biznes doirasi, OTMlar rektorlari hamda OAV vakillari qatnashdi.

Toshkentdagi Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi ilmiy asoslangan yangi texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish jarayonini osonlashtirish uchun ishlab chiqilgan xalqaro dasturning bir qismi hisoblanib, Eron kompaniyalarining innovatsion texnologiyalari, mahsulotlari va xizmatlarining doimiy ko‘rgazmasini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi bilim almashinuvi, texnologiyalar transferi, innovatsiyalar ekotizimini rivojlantirish va Eron hamda O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar uchun platforma yaratish maqsadida tashkil etildi. Shuningdek, u fan va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik orqali ikki mamlakatning iqtisodiy o‘sishi, ijtimoiy farovonligi va barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishga intiladi.

IHITT O‘zbekiston va Eron o‘rtasida ko‘prik vazifasini o‘taydi hamda ikki davlat o‘rtasida texnologik almashinuv, hamkorlik va sheriklikni rivojlantirishga yordam beradi.

– Maqsadimiz O‘zbekistonda ishlab chiqarish korxonalarining mahsulotlarini Eronga va Erondagi ilg‘or texnologiyalarni O‘zbekistonga joriy etish, – dedi Toshkentdagi Eron innovatsiyalar va texnologiyalar  uyi rahbari Rasul Beheshtigar. – Ikki mamlakat o‘rtasida ilm-fan, innovatsiyalar bo‘yicha hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

Darhaqiqat, Toshkentdagi Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyi ikki davlat o‘rtasidagi texnologiyalar va  innovatsiyalar almashish yuzasidan loyihalarni amalga oshirish, ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilish kabi maqsadlarni ko‘zlaydi. Hozirda bu yerda energetika, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari bo‘yicha ko‘plab kompaniyalar bilan bitimlar imzolashga e’tibor  qaratilmoqda. Shuningdek, bank, neft-gaz va boshqa yo‘nalishlardagi innovatsiya va texnologiyalar bo‘yicha hamkorlik ham ko‘zda tutilgan.

 

N.Usmonova,  

O‘zA