Toshkentda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOYning 30 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur tantanalarda qatnashish uchun turkiy davlatlardan madaniyat va san’at sohasidagi mehmonlar tashrif buyurdi.

O‘zbekiston amaliy san’at va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyida TURKSOY tashkilotining 30 yillik tantanalariga bag‘ishlangan “Turk dunyosi rassomlari” nomli ko‘rgazma ochildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov, TURKSOY tashkiloti bosh kotibi Sulton Rayev qardosh, qondosh, tarixi, madaniyati, ma’naviyati tutash xalqlar o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlashda adabiyot, san’at va madaniyatning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida O‘zbekistonning turkiy davlatlar bilan munosabati sifat jihatdan yangi bosqichga chiqdi. Bu esa yaxshi qo‘shnichilik, ishonchli, samimiy va konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim asos bo‘lmoqda.

TURKSOYning 30 yillik yubileyi tantanalari doirasida o‘zaro manfaatli uchrashuv va muloqotlar, qiziqarli tadbirlar, ko‘rgazmalar, konsertlar o‘tkaziladi.

“Turk dunyosi rassomlari” ko‘rgazmasida Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zolari I.Valixo‘jayev, A.Aliqulov, G‘.Qodirov, M.Mirsaidov, B.Mahkamov, S.Sabirbayev,

X.Ibragimov, M.Mahmudov va boshqa musavvirlarning ijod namunalariga keng o‘rin berilgan.

 

N.Usmonova,  

O‘zA