Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi va okrug hududidagi saylov uchastkalarida joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi.

Dastlab, Markaziy saylov komissiyasi raisi 1-Qoraqalpog‘iston saylov okrugida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, okrug saylov komissiyasi a’zolari bilan uchrashib saylovga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshiriladigan tadbirlar haqida fikr almashdi.

Uchrashuv davomida bo‘lajak siyosiy tadbir saylov uchastkalarida bo‘lishini, uchastka saylov komissiyalarining faoliyati juda muhimligini hisobga olib, ular uchun alohida o‘quv-uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgani qayd etildi. Tadbirda mazkur qo‘llanma va saylovchilarni saylov kuni ovoz berishda ishtirok etish uchun “Taklifnoma”si komissiya a’zolariga tanishtirildi.

Ta’kidlanganidek, joriy siyosiy tadbirga chaqiruv “Taklifnoma”si o‘tgan galgilardan farqi har bir saylovchiga emas bir xonadonga bitta beriladi. Unda saylov huquqiga ega bo‘lgan saylovchilar taklif qilingan. Shuningdek, sifatli qog‘ozda chop qilingan taklifnomada maxsus QR kod bo‘lib, saylovchilar mobil ilovalari orqali saylov qonunchiligiga oid ma’lumotlar bilan tanishishlari mumkin.

Uchrashuvda Z.Nizamxodjayev okrugda saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari va tashkiliy ishlarga yuqori baho berib, saylov uchastkalarini jihozlash, saylovchilarga zarur qulayliklar yaratishning o‘rni, o‘quv-seminarlarini tashkil qilish, saylovni yuksak saviyada o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar berib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev, Markaziy saylov komissiyasi a’zosi B.Yunusov 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi raisi T.Atamuratov hamrohligida Nukus shahridagi saylov uchastkalarida bo‘lib, siyosiy tadbirga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari, saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA