O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov Qatar davlati madaniyat vaziri Abdurrahmon bin Hamad bin Jassim bin Hamad Ol Soniy taklifiga ko‘ra ushbu mamlakatda xizmat safarida bo‘ldi.
Tashrif rejasiga ko‘ra, O.Nazarbekov Dohada o‘tkazilgan Xalqaro kitob ko‘rgazmasida qatnashdi va mazkur ko‘rgazma direktori Jassim Ahmad Al-Buaynayn bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida bu yilgi Xalqaro kitob ko‘rgazmasida 37 davlatdan 500 dan ortiq yetakchi nashriyotlar va tashkilotlar ishtirok etgani barobarida ushbu ko‘rgazma arab mamlakatlaridagi eng yirik ma’rifiy ko‘rgazmaga aylangani ta’kidlandi.
E’tiborlisi, ko‘rgazma an’anaviy noshirlikning rivojlanishi bilan birga aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, yoshlarni kitobxonlikka qiziqtirish bo‘yicha eng ilg‘or g‘oyalarni o‘zida jamlagan. Ko‘rgazmada barcha vazirlik va idoralar tomonidan o‘zlari mas’ul sohalar bo‘yicha chop etilgan maxsus nashrlar, kitoblar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalar, ensiklopediyalar taqdim etilgan.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston 2024 yilgi Doha Xalqaro kitob ko‘rgazmasining “Faxriy mehmoni” sifatida mazkur yirik xalqaro tadbirda ishtirok etishiga kelishildi. Bu esa mamlakatimizdagi ma’rifiy yangilanishlarning amaliy natijasini keng namoyish etish, nashriyotlarimiz va xorijiy hamkorlar o‘rtasida yangi loyihalarni amalga oshirish, eng sara adabiy asarlarimizni arab dunyosida targ‘iboti uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, ko‘rgazmada bir qator yetakchi nashriyot uylari va hamkorlar bilan kelgusidagi rejalar muhokama etildi. Jumladan, Saudiya Arabistoni Adabiyot, nashriyot va tarjima komissiyasi bosh menejeri Hayla Al-Halaf xonim bilan o‘zbek shoir va adiblarining eng sara asarlarini arab tiliga tarjima etish bo‘yicha fikr almashdilar.
Safar doirasida O.Nazarbekovning Qatar davlati madaniyat vaziri Abdurrahmon bin Hamad bin Jassim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuvi ham g‘oyat samarali kechdi. Unda O‘zbekiston bilan madaniy-ma’rifiy aloqalar mutlaqo yangi bosqichga, misli ko‘rilmagan qamrovga ega bo‘layotgani alohida ta’kidlandi. Bunda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli va yaqin munosabatlar muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida madaniy sohalardagi hamkorlik memorandumining amaliy ijrosini ta’minlash maqsadida qator loyihalar muhokama etildi. Jumladan, 2024 yil Qatar davlatida O‘zbekiston madaniyati kunlarini, O‘zbekistonda Qatar madaniyati kunlarini tashkil etish belgilandi. Bunda san’atkor va ijodiy jamoalarning qo‘shma loyihalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Uchrashuv davomida muhokama qilingan bir qator loyiha va takliflar asosida 2023 -2024 yillarda hamkorlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vazirligi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA