O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning ishonchli vakili Xalilla Yeshimbetovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda talaba yoshlar, jamoat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari vakillari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va tuman Kengashi deputatlari, partiya faollari ishtirok etdi.

Uchrashuvda nomzodning ishonchli vakili ishtirokchilarni U.Inoyatov tarjimai holi bilan tanishtirdi va saylovoldi dasturi haqida batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, dasturda kuchli ijtimoiy siyosat, arzon uy-joy va sifatli kommunal xizmatlar, kafolatli va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlar uchun ta’lim kafolatlarini mustahkamlash, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti, tovar hamda xizmatlarning ijtimoiy maqbulligi, ijtimoiy tenglikka asoslangan demokratiya, sud-huquq islohotlari, konstruktiv tashqi siyosatga oid 9 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq, manzilli taklif hamda tashabbuslar ilgari surilgan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadi – ijtimoiy davlat konsepsiyasi ekani, shu boisdan ham, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy davlat maqomidan kelib chiqib, davlatning ijtimoiy majburiyatlarini samarali amalga oshirish mexanizmlarini mustahkamlash hamda demokratik ijtimoiy davlatni barpo etishga alohida e’tibor qaratilgani xususida to‘xtalib o‘tdi.

So‘zga chiqqan faollar Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod Ulug‘bek Inoyatovning saylovoldi dasturini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirib, saylovda ushbu nomzodga ovoz berishga chaqirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri