Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida davlatimiz rahbarining 2019 yil 26 fevraldagi “Ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlariga tavsiyanomalar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan so‘nggi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlari tizimini tubdan takomillashtirish borasida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirilyapti. Jumladan, sohani rivojlantirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda.

Davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori asosida 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab terrorizm, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining tavsiyanomasida belgilangan qabul kvotalaridan tashqari davlat granti asosida O‘zbekiston Respublikasi davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga (ikkinchi ta’limdan tashqari) kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik Baxtiyar Torebekov huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qo‘shgan ichki ishlar organi 88 nafar xodimining 103 nafar farzandiga tavsiyanomalarni tantanali ravishda topshirdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri