Xitoy Amerika xalqiga umid bog‘laydi, amerikaliklar bilan do‘st bo‘lishda davom etadi, XXR va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar inson omiliga asoslangan.

“Sinxua” agentligi yozishicha, Xitoy Raisi Si Szinpin amerikalik taniqli tadbirkor, jamoat arbobi Bill Geyts bilan uchrashuv chog‘ida shunday fikrlarni bildirgan.

“Siz bu yil Pekinda men bilan uchrashgan birinchi amerikalik do‘st bo‘ldingiz”, deya qo‘shimcha qildi Xitoy rahbari.

Si Szinpin dunyo koronavirus pandemiyasidan qutulganini ta’kidlarkan, yana shunday dedi:

– Men ko‘p marta aytganman, Xitoy – Amerika munosabatining asosini shu ikki mamlakat odamlari tashkil etadi. Biz doimo AQSH xalqiga umid bog‘laymiz va ikki xalq do‘stligi davom etishidan umidvormiz.

Xitoy yetakchisi Geyts va uning jamg‘armasiga global qashshoqlikni kamaytirish, sog‘liqni saqlash, taraqqiyot, jamoat farovonligi va xayriya ishlarini ilgari surish bo‘yicha ko‘p yillik sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi.

– Qashshoqlikka qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni mustahkamlashimiz, qishloqlarni jonlantirish, chekka hududlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasini muntazam oshirishimiz zarur, – dedi Si Szinpin.