Jumadan jumagacha
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak o‘tgan hafta Oq uyda AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan NATO Bosh kotibi lavozimiga mamlakati mudofaa vaziri Ben Uolles nomzodini kelishib oldi, degan xabar tarqaldi.
2014 yildan beri Shimoliy Atlantika alyansini boshqarib kelayotgan Yens Stoltenberg sentyabr oyida lavozimini tark etadi. G‘arb davlatlari Alyansga yangi rahbar saylash masalasida demokratik tamoyilga sodiq ekanliklari to‘g‘risida gapirsalar ham nomzodlar haligacha jamoatchilikdan yashirib kelinmoqda.
Mazkur harbiy tashkiloti yangi rahbari masalasi 11-12 iyul kunlari Vilnyus sammitida hal bo‘ladi.
Nazariy jihatdan Alyansning 31 a’zo davlati o‘zi istagan nomzodini ilgari surishi mumkin. Fransiya, Buyuk Britaniya yoki Germaniya, degan qat’iy gap yo‘q. Hatto, Islandiya yoki Shimoliy Makedoniya ham nomzod ko‘rsatishga haqi bor. So‘nggi gapni esa Vashington aytadi.
Sunakning nomzodi Uolles. “U dunyodagi hamkasblari orasida alohida hurmatga sazovor, Ukraina nizosini bartaraf etishda ham muhim rol o‘ynamoqda”, deydi bosh vazir.
Britaniyalik boshqa nomzod, hukumat sobiq rahbari Boris Jonsonning ham bu lavozimda “ko‘ngli” yo‘q emas. U mamlakati harbiy xarajatini oshirish tashabbusi orqali sohaga yaqinlashgan. Agar NATOda ham ayni mavzuni ko‘tarsa, yetakchi davlatlar mehrini qozonishi tayin.
OAVda avvalroq “Niderlandiya va Ispaniya hukumati rahbarlari – Mark Ryutte va Pedro Sanches nomzodlari ham bor” mazmunida tarqatilgan xabarlarni bu ikki siyosatchi rad etib chiqqan.
Ruminiya Prezidenti Klaus Yoxannis haqida ham ijobiy fikr bisyor, ammo Stoltenbergning o‘rinbosari Mircha Joane rumin va u lavozimini tark etish haqida o‘ylamayapti. Demak, tashkilotda bir davlatning ikki vakili bo‘lishi to‘g‘ri kelmaydi.
Inklyuzivlik va xilma-xillik siyosati tamoyiliga muvofiq, bu gal NATO rahbarligiga ayol kishi qo‘yilishi to‘g‘risida gaplar urchigan. Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen o‘z nomzodi haqidagi gap-so‘zlarga javoban, “men bu lavozimga hech qachon bormayman”, deya bayonot berdi.
Taxminiy da’vogarlar orasida Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen, YeI sobiq bosh diplomati Federik Mogerini va Kanada moliya vaziri Xristyu Friland nomlari uchraydi. So‘nggi nomzod-ayol etnik ukrainalik, Sharqiy Yevropa siyosati va tarixini yaxshi biladi, ekspertlar ta’kidlashicha, muhimi u aksil rus qarashga ega.
Ursula fon der Lyayen Germaniyada mudofaa vaziri bo‘lgan, ammo bu lavozimda muvaffaqiyatga erishmagan, deyishadi tahlilchilar. OAV uning davrida vazirlik korrupsiya botqog‘iga botgan, deb yozg‘iradi.
Deyarli, hech kim Mogerinining o‘tmishidan ayb topolmagan. Demak, u munosib.
Nega amerikalik nomzod haqida gap yo‘q, degan haqli savolga javob aniq – odatga ko‘ra AQSH fuqarosi NATO Oliy bosh qo‘mondonlik kuchlari lavozimini egalik qiladi.
Hozir, har holda, Alyansga Shimoliy Yevropa vakili da’vo qilmaydi: norvegiyalik Stoltenberggacha daniyalik Anders Fog Rasmussen ham bu kursida o‘tirgan.
Boltiq bo‘yi mamlakatlari va Polshada imkoniyat yaxshi. Masalan, Estoniya Bosh vaziri Kai Kallas, ayol siyosatchi.
Avval ham aytganimizdek, NATO Bosh kotibi oldin davlat, hukumatni boshqarishda tajribaga ega, jilla qursa, Bosh vazir o‘rinbosari yoki tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan bo‘lishi lozim.
Avvalo, rahbarlikka nomzod tuzilmaning barcha tamoyillariga sodiq bo‘lishi, bugun Ukrainani qo‘llab-quvvatlashi shart. Qolaversa, Bryussel va Vashington chizig‘idan chiqmasligi talab etiladi.
Yangi rahbar Alyans siyosatini o‘zgartira oladimi, yo‘qmi, bu ham muhim. NATO sovuq urush davrida tashkil topgan, o‘shandan beri G‘arb alyansi, deyiladi. Sharqqa tomon kengayish asl tamoyilga to‘g‘ri kelmaydi. ”NATO+” tashabbusi orqali Osiyo-Tinch okeani mintaqasiga qarab cho‘zilishdan kim naf, kim zarar ko‘radi?
Bir so‘z bilan aytganda, NATO transformatsiyaga muhtoj. Yangi rahbar Alyans tizimini o‘zgartira olsa, tarixda qoladi. Aks holda, o‘sha gap…
Tramp aybdormi??
Shu hafta boshida – 77 yoshga to‘lishi arafasida va prezident sayloviga bir yil qolganda AQSH sobiq rahbari Donald Trampga maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlash aybi e’lon qilindi. Siyosatchi 400 yilga qamalishi mumkin.
Respublikachi Tramp ayblovni qat’iy rad etdi. Meni saylov oldi musobaqasidan chiqarib yuborishga harakat qilinmoqda, dedi.
38 banddan iborat 44 sahifali xulosa Tramp va uning yordamchisi Uolt Nautga tegishli. Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohidan topilgan, aksariyati yotoq va yuvinish xonasidan chiqqani hamda yadro sohasiga oidligi aytilayotgan prezidentlik davriga oid 102 hujjatning 17 tasi “o‘ta maxfiy” tamg‘aga ega.
Jinoiy surishtiruv yoki qamoq jazosi siyosatchining saylovda qatnashishiga monelik qilmaydi. Bu xususda konstitutsiyada hech gap yo‘q.
Agar jazolansa, Tramp Amerika tarixida prezidentlik vakolati muddati tugagandan keyin qamalgan ilk davlat rahbariga aylanadi.
Sobiq rahbar mahkamadagi shaxsiy arxividan chiqqan davlat hujjatlarini 1978 yilda qabul qilingan “Prezident yozuvlari to‘g‘risidagi qonun”ga binoan saqlaganini aytadi.
Eks-prezident gapiga qo‘shimcha qilib, lavozimidan ketgandan keyin Bill Klintonning uyidan harbiy sohaga oid 79 ta maxfiy yozuvli kasseta chiqqani misolini keltirdi. Shuningdek, Bayden ham uyida maxfiy hujjatlar saqlayotgani, bu ish bilan hozir Adliya vazirligi shug‘ullanayotganini eslatib o‘tdi.
Tramp ilk bor sudlanayotgani yo‘q. Yil boshida behayo filmlar aktrisasi Stormi Denielsga bergan katta miqdordagi mablag‘ni yashirgani uchun Nyu-York sudi uning ustidan ish qo‘zg‘agan. Avvalroq Donald mahkamada jurnalist Jin Kerollga tajovuz ishini yutqazgan. 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyada tashkil etilgan norozilik aksiyasi mavzusi ham hali oxiriga yetkazilmagan…
Sud ishi qanday tugashi noma’lum. Ayblov juda jiddiy, ko‘zlanayotgan jazo ham shunga yarasha.
Darvoqe, sud jarayonlari Trampning istagiga ta’sir ko‘rsatmaydi, aksincha saylov kampaniyasi kuchayishiga olib keladi. Saylovda g‘olib chiqsa, avvalo o‘zini “afv ettiradi”. Bu nazariy jihatdan mumkin.
Demokratlarda esa shu yo‘l bilan Trampni saylov kampaniyasidan uzoqlashtirish umidi bor. Ularning fikricha, Tramp sudma-sud yurib, saylov jarayoniga vaqti, imkoni yetmaydi.
Ekspertlar Vashington xayrixohlari bu borada mutlaq yanglish yo‘lda, deyishmoqda. Yozilmagan qonunga ko‘ra, sud-prokuratura hujumi siyosiy raqibga qarshi ishlatilmaydi!
Bunday amal esa yana Tramp foydasiga ishlaydi. Boshqa tomondan saylovchilarning huquq idoralari tizimiga ishonchi yo‘qoladi.
“SBS” telekanali “YouGov” ijtimoiy so‘rov xizmati bilan birga o‘tkazgan so‘nggi surishtiruvda Tramp Respublikachilar partiyasi nomzodlari orasida ilg‘orlikni saqlab kelayotganini ko‘rsatdi. Uni 75 foiz safdoshi qo‘llamoqda, Florida gubernatori Ron Desantis esa 51 foiz tarafdor bilan ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.
Trampning Oq uydan maxfiy hujjatlarni nega olib chiqib ketgani esa hanuz topishmoq bo‘lib qolmoqda. U Vashington rasmiylarining hujjatlarni qaytarib topshirish kerakligi to‘g‘risidagi chaqirig‘iga quloq solmadi.
Nega, nima uchun? O‘rtadagi haqli savolga javob olish uchun surishtiruv tugaguncha sabr qilishga to‘g‘ri keladi.
Javobni bu yil, balki kelasi yil olishimiz mumkin.
Hatto, “2024 yildagi saylovdan keyin” ehtimoli ham yo‘q emas…
Boris Jonson katta siyosatga qaytadi…mi?
So‘nggi to‘rt yil Buyuk Britaniyadagi yetakchi siyosiy partiyalar jiddiy sinovdan o‘tdi. Leyboristlar mafkuraviy kurashni boshdan kechirdi: markaziy qanot yana hukumatga qaytdi, so‘llar yetakchisi Jeremi Korbin qadrdon partiyasi ro‘yxatidan o‘chirildi. Shotlandiyalik millatchilar raisi Nikolu Sterjen korrupsiya ishi bo‘yicha politsiya qo‘lida.
Boris Jonson voqeasi ham o‘ziga xos. Konservatorlar 2019 yil erishgan omad to‘rt yildan keyin qo‘ldan chiqishini hech kim xayoliga keltirmagan edi, deydi ekspertlar. 2022 yilda Bosh vazir iste’fosidan keyin parlamentdan turib hukumatga ta’sir o‘tkazaman, deb niyat qilib turgan bir paytda Vazirlar Mahkamasiga o‘ziga yaqini Liz Trass saylandi.
Keyin esa ish uning rejasi asosida ketmadi. Trass 45 kungina hukumat kursisida o‘tirdi, o‘rniga Rishi Sunak keldi.
Jonson hukumatida Sunak moliya vaziri bo‘lib, ikki siyosatchining bir-birini ko‘rishga ko‘zi yo‘q edi, deyishadi. Aynan Rishining moliya tizimidan ketishi Jonsonning lavozimidan ayrilishiga olib keldi.
Shu tariqa u yangi hukumatning bosh tanqidchisiga aylanadi. Mavzu ko‘p, asosiysi mamlakat jiddiy iqtisodiy va migratsiya inqiroziga uchragan.
Xotirlatish zarur bo‘lsa, Trass “ag‘darilgach”, Jonson qayta hukumatga intildi, ammo yuz nafar partiyadoshi imzosini to‘play olmadi…
Kutilmaganda SOVID pandemiyasi cheklovi davrida Dauning-strit (hukumat uyi)da ko‘ngil ochar oqshom o‘tkazilgani qalqib chiqdi. Jonson javobgar sifatida parlament komissiyasiga chaqirtirildi, soatlab deputatlarga voqeani rad etishga urindi. Hamkasblari esa undan “WhatsApp” yozishmalarini ko‘rsatishni talab qilishdi.
Burchakka siqilgan Jonson bu ishni yopdi-yopdi qilishni so‘rab, Sunakka murojaat qiladi. Tahlilchilar bunaqasi hali Britaniya siyosiy tarixida bo‘lmaganiga diqqat qilishadi. Albatta, u shaxsiy yozishmalari uchinchi qo‘lga tushishini istamaydi.
Sunakdan umidini uzib, vaqtincha “o‘yin”dan chiqishga qaror qiladi va deputatlikdan iste’fo beradi.
Ketar jafosida Konservativ partiyani battar holga solmoqchi bo‘ladi. Gap shundaki, undan keyin yana ikki deputat do‘sti parlamentdan chiqib ketadi. Natijada hukmron partiyaning majoritar okruglarida uch joy bo‘shaydi. Bu esa leyboristlar konservatorlardan 15-20 foiz o‘zib ketayotgan bir paytda ko‘ngilsiz voqea edi…
Har holda, sobiq Bosh vazir hayotidan mamnun. Iste’foga chiqmasdan oldin parlamentda eng ko‘p maosh oladigan siyosatchi edi. Endi esa Qo‘shma Shtatlarga, Singapurga borib konferensiyalarda nutq irod qilib, faqat o‘tgan yili to‘rt million funt foyda topdi.
Ukraina ziddiyati ortidan AQSHda bo‘lib keldi, Respublikachilar partiyasi rasmiylari bilan ko‘rishdi, Donald Tramp bilan norasmiy kechki ovqatga bordi.
Bular Jonsonning katta siyosatga qaytishiga ishoradek.
Keyingi yil bo‘ladigan parlament saylovida partiyasi yutqazishi va Sunak lavozimidan ketishini taxmin qiladi. Shunda partiyani qutqaruvchi sifatida o‘zi maydonga chiqishni mo‘ljallayapti.
Boshqa tomondan Konservativ partiya fraksiyasi Jonsonga hurmat bilan qaramaydi, janjal bilan safdoshini og‘ir kunda tashlab ketgani hali-hanuz esdan chiqmagan.
Tahlilchilar yakdil fikricha, Konservatorlar Jonsonni safga qaytarmaydi, saylovda qatnashishiga yo‘l bermaydi. Binobarin, G‘arbda unga xayrixoh yetakchilar bor. Qachonlardir ular bilan hamkorlik qilgan, ularning murojaat-iltimoslarini bajargan, sodiqligini namoyish qilgan…
Do‘stlar esa og‘ir kunda bilinadi…
Buguncha shu.
Kelasi jumada xabarlashguncha!
O‘zA siyosiy sharhlovchisi
Abror G‘ulomov