Ulug‘ shoirni yod etib...

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Madaniyat, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorligida O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludiga bag‘ishlangan “Ulug‘imsan, Vatanim!”deya nomlangan ijodiy kecha bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo‘ldoshev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosarlari Minhojiddin Mirzo, G‘ayrat Majid va boshqalar elimiz ardog‘idagi shoirning yorqin xotirasi haqida iliq so‘zlar bildirib, uning o‘zbek she’riyati va qo‘shiqchiligini rivojlantirishda beqiyos o‘rni borligini e’tirof etdi.

photo_2018-04-23_17-40-29.jpg

O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf 1954 yili Andijon viloyatida dehqon oilasida tavallud topgan. Toshkentdagi Rus tili va adabiyoti institutida (hozirgi Jahon tillari universiteti) tahsil olgan. Respublika kitobsevarlar jamiyati, “Toshkent oqshomi” gazetasi, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, “Tafakkur” jurnali hamda “O‘zbekiston ovozi” gazetasida xizmat qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgach, 1998 yildan umrining oxirigacha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida faoliyat ko‘rsatdi.

Mustaqillikning ilk davrlaridanoq “Hech kimga bermaymiz seni, O‘zbekiston”, deya istiqlolni baralla kuylagan, vijdoni uyg‘oq ijodkor Muhammad Yusufning hayot yo‘li, ijodi va qizg‘in ijtimoiy faoliyati yoshlarimiz uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning “Tanish teraklar”, “Bulbulga bir gapim bor”, “Iltijo”, “Uyqudagi qiz”, “Halima ena allalari”, “Ishq kemasi”, “Ko‘nglimda bir yor”, “Bevafo ko‘p ekan”, “Erka kiyik”, “Saylanma”, “Biz baxtli bo‘lamiz”, “Osmonimga olib ketaman”, “Ulug‘imsan, Vatanim” singari o‘ndan ortiq she’riy to‘plami adabiyotimizning oltin merosiga aylangan.

photo_2018-04-23_17-40-43 (1).jpg

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA