FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani hududidagi Kerder madaniyatiga tegishli bo‘lgan “Hayvonqal’a” yodgorlik majmuasida amalga oshirilayotgan arxeologik qazishma ishlari bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida respublika ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti hamda Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasi asosida tashkil etilgan mazkur xalqaro arxeologik ekspeditsiyada Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasi A. Xalikov nomidagi Arxeologiya instituti direktori, tarix fanlari doktori, professor Ayrat Siddiqov rahbarligidagi olimlar, Rossiya va Qozog‘istonning oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlaridan 20 dan ortiq mutaxassislar, shuningdek, institutning tarix fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etmoqda.

– Dunyoning qator davlatlarida arxeologik qazishma ishlarida ishtirok etganman, – deydi ekspeditsiya ishtirokchisi, Al-Farobiy nomidagi Qozoq Milliy universiteti professori Murat Shalekenov. – Bilasiz, arxeologlarning ishi juda qiyin. Bunday holatda, albatta, birinchi navbatda, qazishma ishlari uchun yaratilgan sharoitning yuqori bo‘lishi katta ahamiyatga ega. Bu yerda dam olish, laboratoriya tekshiruvi, talabalar bilan dars o‘tish, ovqatlanish uchun yetarli sharoitlar yaratilgan.

Xalqaro ekspeditsiya arxeologik qazishma ishlari natijasida topilgan buyumlar hamda madaniy qatlamlar bo‘yicha xalqaro ilmiy fikrni shakllantirish, shuningdek, ilmiy xulosalar chiqarish maqsadiga qaratilgan. Buning uchun institut tomonidan 1 milliard 400 million so‘mga maxsus chodirlar hamda 4 milliard so‘mga qazishma ishlarida foydalaniladigan arxeologik asbob-uskunalar sotib olindi.

Press-turda ta’kidlanganidek, “Hayvonqal’a” (yoki Kerder qal’asi) yurtimizning o‘rta asrlardagi boy tarixidan darak beruvchi yodgorliklardan biri bo‘lib, uning ayni paytda saqlangan hududi 19 gektarni tashkil etadi. Bugungi kunda yodgorlikning yuqori madaniy qatlamida qazishma ishlari olib borilmoqda.

Xalqaro ekspeditsiya tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijalari bo‘yicha shu yilning kuzida xalqaro ilmiy anjuman tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Press-tur ishtirokchilari arxeologik qazishma ishlari bilan yaqindan tanishib, olimlar hamda talaba-yoshlar bilan suhbatlashdi.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA