Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish jarayoniga raqamli texnologiyalar keng joriy etilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 22 noyabrdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan yuridik xizmatlar xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularning malakasini oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi hukumat qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat sohasini raqamlashtirishga oid asosiy vazifalar belgilab olindi.
Qarorga ko‘ra, yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazishda talab etiladigan hujjatlarni taqdim etish tartibi bekor qilindi.
Yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish jarayonlari raqamlashtirildi. Attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarni elektron shaklga o‘tkazish orqali qog‘ozdagi guvohnoma blankalaridan voz kechildi.
Xususan, yuridik xizmat xodimlaridan talab etiladigan diplom nusxasi, mehnat daftarchasidan ko‘chirma va shunga o‘xshash yettita hujjat talab etilmasligi belgilandi.
Shuningdek, yuridik xizmat xodimi attestatsiyadan o‘tishi uchun Yuristlar malakasini oshirish markazida malaka oshirgan bo‘lishi lozimligi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari qog‘oz shaklidagi attestatsiya guvohnomasidan voz kechilib, endilikda elektron shakldagi guvohnomalar berilishi yo‘lga qo‘yildi.
Guvohnoma reyestri uning seriya raqami va amal qilish muddati ko‘rsatilgan holda “Yurist-adliya” elektron tizimida avtomatik ravishda yuritiladi.
Guvohnomalarni noqonuniy o‘zgartirib qo‘yish yoki qalbakilashtirish imkoniyati bo‘lmaydi hamda takrorlanmaydigan maxsus raqam beriladi va avtomatik tarzda e’lon qilinadi.
N.Abduraimova, O‘zA