Yana bir necha kundan so‘ng Polshada boshlanadigan III Yevropa o‘yinlarida o‘zbek sporti – kurashning taqdimot musobaqalari va ko‘rgazmali chiqishlari tashkil etiladi. Bu haqda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi xabar berdi.

Yevropa qit’asining 48 davlat vakillari ishtirokida o‘tadigan qit’a olimpiadasida sportchilar 29 sport turining medallari uchun kurash olib boradi.

50 mamlakatdagi 70 dan oriq teleradiokanallar va 20 ga yaqin nufuzli xalqaro axborot vositalari orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri namoyish etiladigan qit’a o‘yinlari doirasidagi kurash musobaqalari “Yevropa ochiq chempionati” shaklida bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, Yevropa kurash konfederatsiyasi va O‘zbekiston kurash federatsiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan taqdimot tadbirida musobaqalar ayollar va erkaklar o‘rtasidagi mutlaq vazn toifalarida kechadi.

Turnirning umumiy mukofot jamg‘armasi 7000 yevrodan iborat bo‘lib, musobaqalar jarayonida xalqimizga xos bo‘lgan madaniy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa olimpiya qo‘mitasi tomonidan tashkil etilayotgan III Yevropa o‘yinlari joriy yilning 21 iyun-2 iyul kunlari o‘tkaziladi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA