Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2022 yildagi hamda 2023 yilning birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqdilar.
Mazkur masala bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.Kudbiyev ma’ruza qildi.
Qayd etilganidek, 2022 yil yakunlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot hajmi 2021 yilga nisbatan 5,7 foizga, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlari bo‘lgan xizmatlar va qurilish sohasi mos ravishda 8,5 va 6,6 foizga o‘sdi. Shuningdek, inflyatsiya darajasi belgilangan ko‘rsatkichlardan oshmadi. Davlat byudjeti daromadlarining oshirib (100,8 foizga) bajarilishiga erishildi.
Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun qulay muhit va keng imkoniyatlar yaratilayotganligi, ayrim turdagi soliq stavkalari pasaytirilganligi, samarasiz soliq imtiyozlari bekor qilinganligi tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay imkoniyatlar yaratmoqda. 2022 yilda 90,2 mingta yangi tadbirkorlik sub’ekti tashkil etilib, legal faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar soni keskin ko‘paydi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 30 mingtaga, foyda solig‘i to‘lovchilar soni 24 mingtaga oshdi.
Davlat byudjetining xarajatlari birinchi navbatda ijtimoiy sohani rivojlantirish, byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablag‘ oluvchilarning ish haqini va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
Jumladan, 2022 yilda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 371,4 milliard so‘m yoki 2021 yilga nisbatan qariyb 2 baravar ko‘p byudjet subsidiyalari ajratilgan. Natijada o‘tgan yil yakunida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 22,8 mingni tashkil etib, unda qamrab olingan bolalarning soni 746 ming nafarga yoki 2021 yilga nisbatan 22 foizga ortishiga erishildi.
Shuningdek, Davlat byudjetidan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalariga biriktirilgan aholi jon boshiga dori va tibbiy buyumlar uchun ajratilgan mablag‘ miqdori o‘rtacha 3 baravarga oshirilib, 2022 yilda 578,1 milliard so‘m mablag‘ yoki 2021 yilga nisbatan 368,9 milliard so‘m ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.
2022 yilda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi tadbirlari uchun Davlat byudjetidan jami 6,4 trillion so‘m yo‘naltirilgan.
Shuningdek, yig‘ilishda Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2023 yil birinchi choragidagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot ham ko‘rib chiqildi. Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston iqtisodiyotida joriy yilda ham yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanib, 2023 yilning I choragida yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga o‘sgan.
Davlat byudjeti daromadlari hisobot davrida rejaga nisbatan 102,8 foizga yoki 1,3 trillion so‘mga oshirib bajarildi. Iqtisodiyotda soliq yukining pasayganligi evaziga tadbirkorlar faolligining oshishi hamda investitsiyaviy faollikning kuchayishi byudjet daromadlari barqarorligini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Davlat byudjeti ijtimoiy xarajatlarining 93,4 foizi ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash xarajatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Deputatlar ijtimoiy davlat prinsiplariga amal qilinayotganligini ta’kidlab, erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda ayrim xato va kamchiliklarga ham e’tibor qaratdilar. Xususan, hisobot davrida xarajatlar rejaga nisbatan past darajada ijro etilganligi, joriy xarajatlar va kapital qo‘yilmalar to‘liq o‘zlashtirilmaganligi deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Xalq vakillari vazirliklar va idoralar tomonidan keyingi choraklarda davlat byudjeti mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, byudjet xarajatlari natijadorligini oshirish, davlat va rivojlantirish dasturlari ijrosini ta’minlash borasida tizimli choralar ko‘rilishi yuzasidan taklif va tavsiyalar berdilar. Byudjet jarayoniga oid tegishli ma’lumotlarni vazirliklar va idoralarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilib borish amaliyoti byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish hamda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish imkoniyatini berishini ta’kidladilar.
Muhtarama Komilova, O‘zA