Iqlim o‘zgarishi tabiiy resurslarni kamaytirmoqda va bu turli davlatlar, mintaqalar o‘rtasida nizo kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Global isish natijasida atrof-muhit yomonlashib, ekstremal ob-havo hukm surib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tinchlikparvar missiyasi faoliyatini murakkablashtirmoqda. BMT Xavfsizlik kengashining vazirlar darajasida bo‘lib o‘tgan majlisida gumanitar amaliyot bo‘yicha bosh kotib o‘rinbosari Jan-Per Lakrua shunday fikrlarni bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, aksariyat missiyalar Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi, Sudan, Janubiy Sudan, Afg‘oniston, Somali, Mali, Gaiti, Yaman singari iqlim o‘zgarishi keskinlashgan mintaqalarga joylashgan.
– Janubiy Sudanda o‘nta shtatning sakkiztasi suv toshqinidan aziyat chekmoqda, – dedi Lakrua. – Ko‘pchilik uyini tark etib, boshqa joyga ketmoqda. Natijada turli elatlar o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelib, resurslar uchun kurash kuchaymoqda. Suv toshqini BMT tinchlikparvar kuchlari harakati tezkorligini pasaytiradi. Vakillar vertolyot va qayiqdan foydalanishga majbur bo‘lmoqda, bunday texnika esa yetarli emas.
Somalida so‘nggi yillarda doimiy qurg‘oqchilik kuzatilyapti. Natijada ommaviy ko‘chish avj oldi. Mamlakatda yuzaga kelgan ocharchilik aholi noroziligini kuchaytirgan. Iroqda ham yuqori havo harorati, suv tanqisligi, qum bo‘roni jamoalar o‘rtasida keskinlikni yuzaga keltirmoqda.
Xabarda ta’kidlanishicha, BMT Tinchlikparvar missiyalarida bundan buyon iqlim bo‘yicha maslahatchi ishlaydi.