O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali oliy harbiy ta’lim muassasalariga kirish tartibi, mutaxassislar tayyorlash jarayonlari yuzasidan ovozli chat o‘tkazildi.

Unda Mudofaa vazirligining harbiy kadrlarni tayyorlash boshqarmasi harbiy ta’limni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Munavvar Mamayusupov ekspert sifatida ishtirok etib, kuzatuvchilar tomonidan yo‘llangan savollarga javob berdi.

– Mudofaa vazirligi tasarrufida 5 ta oliy harbiy ta’lim muassasasi mavjud, – deydi M.Mamayusupov. – Bular O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi, Chirchiq Oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti hamda Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtlaridir.

Ushbu ta’lim muassasalarimizda bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 37 ta mutaxassislik bo‘yicha kursantlar tayyorlanmoqda. 13 ta magistr ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha. Bundan tashqari qo‘shni xorijiy davlatlarning 50 nafar kursant va tinglovchilari ham tahsil olmoqda.

– Oliy harbiy ta’lim muassasalariga kiruvchi yoshlar uchun qanday imtiyozlar mavjud?

– Hozirgi kunda muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarga test jarayonida o‘zlari to‘plagan balldan 50 foiz miqdorida ball qo‘shib beriladi. Bundan tashqari “Temurbeklar maktabi”ni tamomlagan bitiruvchilarga o‘zlari to‘plagan ballardan 30 foiz miqdorida imtiyoz beriladi.

Respublika miqyosida o‘tkazilgan olimpiadalarda 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan shaxslar 3 yil muddat davomida sertifikat asosida oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun maksimal ball to‘plagan hisoblanadi. Xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan fizika, matematika, kimyo, biologiya, informatika fanlari bo‘yicha sovrindorlar hech qanday sinovlarsiz va qo‘shicha imtihonlarsiz o‘qishga qabul qilinadi.

Mehribonlik uyi hamda bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda 1 foizda qabul kvotalari yaratiladi. Harbiy xizmatni o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan, nogironlik olgan hamda kontuziya bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari ham kvotadan tashqari imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilinadi.

 

Nigora Rahmonova, Abror Sodiqov (video), O‘zA