AQSH sobiq vitse-prezidenti Mayk Pens Oq uyning avvalgi sohibi Donald Tramp afv etilishi mumkinligi haqida gapirishga hali erta ekanini ta’kidladi. U “Kleya Trevis va Bak Sekston shousi” radio dasturidagi ishtiroki chog‘ida shunday degan. U “2024 yil bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida g‘olib chiqsangiz, Trampni afv etarmidingiz?” degan savolni javobsiz qoldirgan.
– Bu jiddiy ayblov, – dedi Pens. – Avval ham aytganman: qo‘yilayotgan ayb bo‘yicha uni (Trampni – tahririyat) oqlay olmayman. Men gubernator bo‘lib ishlaganman va afv e’lon qilganman. Rahbarlik lavozimidagi inson uchun favqulodda muhim vakolat hisoblangan ayni huquqqa juda jiddiy qarayman. O‘ylashimcha, bu haqda gapirishga hali erta.
Mayk Pens 7 iyun kuni 2024 yil bo‘ladigan Prezident saylovida ishtirok etishini rasman e’lon qildi. Respublikachilar partiyasidan Tramp, Florida shtati gubernatori Ron Desantis, AQSHning BMTdagi sobiq doimiy vakili Nikki Xeyli, Janubiy Karolina shtatidan senator Tim Skott, Nyu-Jersi shtati sobiq gubernatori Kris Kristi va boshqalar ham davlat rahbarligiga da’vo qilmoqda.