Kecha Anqarada bo‘lib o‘tgan Turkiya – Finlyandiya – Shvetsiya Doimiy qo‘shma mexanizmi to‘rtinchi yig‘ilishida Shvetsiyaning uch tomonlama memorandum doirasidagi majburiyatini bajarishi bilan bog‘liq amallar muhokama qilindi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.

Aytilishicha, uchrashuvda Turkiya tomonidan Prezidentning bosh maslahatchisi, elchi Akif Chag‘atoy Qilich va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Burak Oqchopar hamda Ichki ishlar, Mudofaa va Adliya vazirliklari, shuningdek, Milliy razvedka tashkiloti vakillaridan iborat delegatsiya qatnashgan.

Joriy yil 1 iyundan mamlakatda kuchga kirgan yangi qonunchilikka muvofiq, terrorga qarshi kurash sohasida Shvetsiya tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashilgan.

Shuningdek, uch tomonlama memorandum doirasida belgilangan majburiyatlar bajarilishi muhokama qilingan.

Tomonlar Doimiy qo‘shma mexanizm muhimligini ta’kidlab, kelgusida aniq reja asosida ishni davom ettirishga kelishib olishgan.