Jenevada Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Xalqaro mehnat konferensiyasining 111-sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Jahon hamjamiyatining e’tiborini tortgan sessiya munozaralarida dunyo miqyosida ijtimoiy va mehnat munosabatlarini rivojlantirishga yangi strategik yondashuvlar, global tashabbuslar muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva konferensiyaning yalpi sessiyasidagi nutqida xalqaro hamjamiyatni O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirdi. Aynan ushbu masala Xalqaro mehnat konferensiyasi joriy sessiyasining asosiy mavzusi bo‘ldi. Xususan, O‘zbekistonda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada davlatning fuqarolar oldidagi qator ijtimoiy huquq va majburiyatlari mustahkamlangani ta’kidlandi.
– Ijtimoiy adolat nafaqat axloqiy mezon, balki milliy barqarorlik va farovonlikning asosidir. Biz munosib mehnat milliy dasturlarini ilgari surish, ijtimoiy muloqotni rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish, bandlik va mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha yetakchi hisoblangan XMT bilan hamkorlikni yuksak qadrlaymiz va XMT Bosh direktorining tinchlik, barqarorlik va barqaror rivojlanish sharti sifatida Ijtimoiy adolat koalitsiyasini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonchimiz komilki, XMT tashabbusi bilan O‘zbekistonning mazkur Koalitsiyaga birinchilardan bo‘lib kirishi mamlakatdagi investitsiyaviy muhitni yaxshilash, iqtisodiyot va biznesni rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari bilan mehnat va ijtimoiy adolat masalalari bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro mehnat konferensiyasi hukumatlar, ishchilar va ish beruvchilar vakillari tomonidan ishlab chiqilgan XMT konvensiyalari va tavsiyalarini qabul qiladi. Konvensiyalar XMTga a’zo davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinishi mumkin bo‘lgan yuridik jihatdan majburiy xalqaro shartnomalar hisoblanadi.
N.Abduraimova, O‘zA