Bu yil yoz faslining birinchi kunidan boshlab harorat ancha yuqori bo‘layapti. Ayni shu issiq kunlarda elektr energiyaga bo‘lgan ehtiyoj ham kundan-kun ortmoqda. Iste’molchilarning konditsionerlardan uzluksiz foydalanishi esa energetiklarimizni yanada sergaklikka undaydi.

Xo‘sh, shu kunlarda iste’molchilarga qancha elektr energiyasi yetkazib berilmoqda? Kunlik iste’mol miqdori qanchani tashkil etmoqda?

Ushbu savolga Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev javob berdi.

– Ochig‘ini aytganda, anomal issiq ta’sirida O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli hajmi bo‘yicha rekord ko‘rsatkichlar yangilandi, –dedi H.Toshxo‘jayev. – Aytaylik, kecha, ya’ni 13 iyun kuni mamlakatimizda jami 231,7 million kilovatt soat elektr energiyasi sarflandi. Bu miqdor iyun oyi uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Bundan bir yil muqaddam xuddi shu kuni 202 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlatilgan bo‘lib, o‘sish ko‘rsatkichi 14,7 foizni tashkil qilmoqda.

Bugun, 14 iyun kuni soat 11:00 ga qadar esa soatlik ehtiyoj hajmi 11 ming 80 megavattni tashkil qildi. Bu esa 2022 yilning xuddi shu sanasidagi holat bilan taqqoslanganda, 1600 MVt (15,4 foiz) ko‘p elektr toki sarflangan, deganidir. Ushbu quvvat deyarli to‘rtta bug‘-gaz qurilmasining yoki ikkita “To‘raqo‘rg‘on” IESning quvvatiga teng.

Aytish kerakki, rekord qo‘yish bugun ham davom etib, 14 iyun sanasi mobaynida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 238-239 million kilovatt soatga yetishi kutilyapti. Mazkur raqam 2022 yilning mos davrida qayd etilgan iste’mol miqdoridan qariyb 30 million kilovatt soat yoki 14,8 foiz ko‘pdir. 2022 yilning iyul oyida yuz bergan eng anomal issiq haroratli davrda ham maksimal yuklama 10 800 MVtdan, sutkalik maksimal iste’mol hajmi esa 238,2 million kilovatt soatdan oshmagan edi. Elektr energiyasining yuqori iste’moli, ayniqsa, Toshkent shahrida kuzatilyapti. Masalan, 2021 yilning 13 iyun sanasida poytaxt aholisi 15,5 million kilovatt soat tok ishlatgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilning xuddi shu kunida 17,08 million kilovatt soatni, bu yil esa 26,4 million kilovatt soatni tashkil qilgan.

Ta’kidlash kerakki, ayrim hududlarda tizim doirasida ta’mirlash ishlarining muntazam olib borilishiga qaramasdan mavjud barcha elektr stansiyalari tomonidan yetarli miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarilyapti. Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, zarur miqdorda yoqilg‘i materiallari zaxirasi yaratilgan, kerakli mutaxassislar, ishchi-xodimlar jalb etilgan. Shuningdek, kelishuvlarga asosan qo‘shni davlatlardan belgilangan hajmlarda elektr energiyasi import qilinib, ichki iste’molga yo‘naltirilyapti.

Ma’lumki, havo haroratining oshishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab ham keskin ortadi. Natijada elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalar yuzaga kelishi, tarmoqda esa turli nosozliklar kelib chiqishi tabiiy. Xususan, anomal issiq elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini ham 20 foiz tushirib, tizimda yo‘qotishlarni hosil qilishi mumkin.

Bunday holat nafaqat energetiklarga, balki iste’molchilarga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Negaki, ushbu manbadan oqilona foydalanish, zarurat bo‘lmasa, sovitish uskunalarini o‘chirib qo‘yish yoki elektr energiyasini tejamkorlik bilan ishlatish har qanday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olishda qo‘l keladi.


O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA

yozib oldi.